Sudandagi shifoxonaga zarba berildi. 60 dan ortiq odam halok bo‘ldi

Olam

image

Sudanning janubi-g‘arbidagi shifoxonaga uyushtirilgan hujum oqibatida 60 dan ortiq kishi qurbon bo‘ldi. Bu haqda bugun, 22 mart kuni JSST rahbari Tedros Adxanom Gebreyesus o‘zining X ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hujumga uchragan Al-Deyn shifoxonasi Sudandagi tibbiyot muassasalariga qilingan birinchi hujum emas. JSST rahbarining xabar berishicha, kamida 64 kishi halok bo‘lgan, ular orasida 13 nafar bola, ikki hamshira, bir shifokor va bir necha bemorlar bor.

Hujum oqibatida 89 kishi tan jarohati olgan (shundan sakkiz nafari tibbiyot xodimlari). Shuningdek, shifoxonaning pediatriya, tug‘ruqxona va shoshilinch yordam bo‘limlariga jiddiy zarar yetgan.

“Ushbu fojia oqibatida Sudandagi urush davrida tibbiyot muassasalariga qilingan hujumlar qurbonlarining umumiy soni 2000 nafardan oshdi. Deyarli uch yillik mojaro davomida JSST tibbiyot muassasalariga qilingan 213 ta hujum oqibatida 2036 kishi halok bo‘lganini tasdiqladi”, deydi Gebreyesus.

JSST rahbarining qo‘shimcha qilishicha, hozirda Al-Deyn o‘quv-shifoxonasi yetkazilgan keng ko‘lamli zararlar tufayli ishlamayapti, bu esa hayotiy muhim tibbiy xizmatlar ko‘rsatishda keskin uzilishlarga olib kelgan.

Sudanning “Favqulodda huquqshunoslar” (Emergency Lawyers) huquqni muhofaza qilish guruhi xabar berishicha, Al-Deyn universiteti shifoxonasiga zarba muntazam armiya droni tomonidan berilgan. JSST hujum faktini tasdiqlagan, biroq aybdor tomonni ochiqlamagan. 

Al-Deyn hozirda Tezkor reaksiya kuchlari nazorati ostida. Armiya ushbu harbiylashtirilgan tuzilmalarni mamlakat markaziy hududlaridan Darfurga siqib chiqarishga urinayotgani sababli shahar muntazam ravishda hujumlarga uchramoqda.

Dronlar yordamida zarba berish Sudandagi urushning o‘ziga xos xususiyatiga aylangan. BMT avvalroq mojaro tomonlari aholi zich yashaydigan hududlarda kuchli dronlar va portlovchi qurollardan tobora ko‘proq foydalanayotganini ma’lum qilgan. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yil dekabr oyigacha tibbiyot muassasalariga qilingan hujumlar oqibatida 1800 dan ortiq kishi, jumladan, 173 nafar tibbiyot xodimi halok bo‘lgan.

Sudandagi urush allaqachon o‘n minglab odamlarning hayotiga zomin bo‘ldi va 11 milliondan ortiq kishini o‘z uyini tark etishga majbur qildi. BMT bahosiga ko‘ra, butun mamlakat bo‘ylab 33 milliondan ortiq kishi gumanitar yordamga muhtoj.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubiy Sudanning shimolida tong otmasdan boshlangan hujum oqibatida kamida 169 kishi halok bo‘lgandi. Ularning 90 nafari bolalar, ayollar va qariyalar edi. Qurbonlar orasida 79 nafar hududiy xavfsizlik kuchlari xodimlari, shu jumladan politsiyachilar ham bo‘lgan.


Maqola muallifi

Teglar

Sudan shifoxona Al-Deyn edros Adxanom Gebreyesus

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing