Ukrainada bir soatlik havo hujumi xavfi qanchaga tushmoqda?
Olam
−
12:36 210 2 daqiqa
Ukrainada havo hujumi haqidagi signal sabab korxonalar faoliyati to‘xtatiladigan har bir soat mamlakat iqtisodiyotiga 45 million dollarga tushmoqda. Bu haqda Ukraina Iqtisodiyot va ekologiya vaziri Aleksandr Kravchenko “The Guardian” nashriga ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, Rossiyaning hujumlari iqtisodiyotning katta qismini faoliyatini to‘xtatishga majbur qilmoqda. Xodimlar bomba boshpanalariga yuboriladi, havo hujumi sirenalari esa kuniga 10 soatgacha yangrashi mumkin.
“Biz oxirigacha oldindan ko‘ra olmagan jihatlardan biri Rossiyaning reaktiv dvigatelli dronlarni qanchalik tez ishlab chiqishi va ulardan turli nishonlarga hujum qilishda foydalanishni boshlashi bo‘ldi”, degan Kravchenko.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, korxonalarning yarmidan ko‘pi “sariq” xavf darajasi vaqtida ham ishlashda davom etgan. Biroq “sariq” xavf darajasi xavfsizlik kafolatini bermaydi. Bu holat joriy yilning 28 sentyabr kuni yaqqol namoyon bo‘ldi. O‘shanda Rossiyaning reaktiv dvigatelli droni Kiyev markazidagi Milliy fanlar akademiyasi binosiga “sariq” xavf darajasi vaqtida urilgan. Oqibatda o‘sha paytda binoda ishlayotgan 2 kishi halok bo‘lgan.
Kravchenkoning bildirishicha, faqat joriy yilning o‘zida Rossiya hujumlari Ukraina asosiy vositalariga qariyb 10 milliard dollar miqdorida zarar yetkazgan. Hujumlar nishonlari orasida metallurgiya zavodlari, omborlar, logistika infratuzilmasi va yaqinda ma’lumotlarni qayta ishlash markazlari ham bo‘lgan.
Bundan tashqari, Rossiya Ukraina eksportining asosiy qismi amalga oshirilgan Qora dengiz portlarini amalda bloklab qo‘ygan.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Kiyev hozir Yevropa Ittifoqi, Yaponiya, Kanada va Buyuk Britaniyadan qo‘shimcha yordam olishga intilmoqda. Xususan, kelgusi yilga rejalashtirilgan kreditlarni muddatidan oldin ajratish imkoniyati ham ko‘rib chiqilmoqda.
Ma’lumot uchun, Krivoy Rog shahri sanoat korxonalaridan tushadigan soliq tushumlari kamaygani sabab shahar byudjetini qisqartirish va ayrim rivojlanish loyihalarini to‘xtatishga qaror qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning sentyabr oyida Ukraina metallurgiya sanoatida mutlaq antirekord qayd etilgandi. So‘nggi 100 yil ichida ilk bor mamlakat korxonalari bir tonna ham po‘lat eritmagandi.
Live
Barchasi