Sud Farhod Mannopov o‘lgan “Star Med” klinikasi foydasiga qaror chiqardi
Jamiyat
−
13 iyul 2023
37346“Omad plyus” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Star med” klinikasi unga 2021 yil 16 fevral kuni berilgan 27390032-sonli litsenziyasi bekor qilinishi to‘g‘risidagi sud qaroridan norozi bo‘lib, apellyatsiya shikoyati bilan murojaat qildi. Bu haqda Oliy sud Jamoatchilik bilan aloqalar markazi rahbari Aziz Obidov xabar berdi.
Bugun, 13 iyul kuni Toshkent viloyat sudining iqtisodiy ishlar bo‘yicha sudlov hay’atining ochiq sud majlisida mazkur masala ko‘rib chiqilgan. Unda javobgar vakili sudga yozma ravishda iltimosnoma bilan murojaat qilib, “Star med” tibbiyot klinikasida bloger Farhod Mannapov (MittiVine)ning vafot etgani yuzasidan Chilonzor tuman prokuraturasi tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va hozirda tergov harakatlari olib borilayotganini ma’lum qilgan. Shuning uchun ham u tergov harakatlari nihoyasiga yetib, qonuniy sud hujjati qabul qilingunga qadar Iqtisodiy protsessual kodeksning 101-moddasi (sudning ish yuritishni to‘xtatib turish majburiyati) 1-bandiga muvofiq mazkur apellyatsiya shikoyatini ish yuritishdan to‘xtatib turishni so‘ragan.
Shu bois, sudlov hay’ati tomonidan javobgarning mazkur iltimosnomasi qanoatlantirilib, apellyatsiya shikoyati bo‘yicha apellyatsiya instansiyasida ish yuritish to‘xatilgan.
Mannopov ishi
Joriy yilning 5 mart kuni “Mittivine” taxallusi bilan tanilgan bloger Farhod Mannopov 27 yoshida vafot etgan edi. U bir necha kun avval do‘stlari bilan basseynda suzayotgan vaqtida boshi va burnidan jarohat olgan. Shu sabab u burnini operatsiya qildirish maqsadida Toshkentning Chilonzor tumanida joylashgan "Star med center" xususiy klinikasiga murojaat qilgan. Bosh prokuratura holatga aloqador shaxslarni batafsil so‘roq qilish, qo‘p vaqt talab qilinadigan murakkab ekspertizalar tayinlash va boshqa bir qator tergov harakatlarini o‘tkazmasdan qonuniy to‘xtamga kelish imkoni yo‘qligi sababli Jinoyat kodeksining 116-moddasi (Kasb yuzasidan o‘z vazifalarini lozim darajada bajarmaslik) 4-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.
Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan o‘tkazilgan tekshiruv natijalariga ko‘ra, Mannopovning operatsiyasida ishtirok etgan anestiziolog va reanimatolog, plastik jarroh shifokori, laborant shifokorining malakaviy toifalari va sertifikatlari bo‘lmagani ma’lum bo‘lgan edi.
Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudida Farhod Mannopovning vafoti ortidan Sog‘liqni saqlash vazirligining litsenziyani bekor qilishni so‘ragani yuzasidan iqtisodiy sud 15 may kuni boshlangan edi.
Keyinchalik ijtimoiy tarmoqlarda klinikaning bir nechta san’atkorlar tomonidan reklama qilinish holatlari kuzatildi. Bosh prokuratura matbuot xizmati holatga munosabat bildirib, Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan “Omad plyus” MCHJga qarashli “Star med center” klinikasiga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan litsenziyani bekor qilish to‘g‘risida sudga ariza kiritilganini ma’lum qildi.
Joriy yilning 2 iyunida Zangiota tumanlararo iqtisodiy sudining hal qiluv qarori bilan ariza talabi qanoatlantirilib, Sog‘liqni saqlash vazirligining “Omad Plus” MCHJga tibbiy faoliyatni amalga oshirish uchun berilgan 27390032-sonli litsenziyasi bekor qilinishi belgilandi.
LiveBarchasi