SSV “tilga kirdi”. Vazirlik prokuraturadan Guljahon Yo‘ldoshevaga yengillik so‘ramoqda
Jamiyat
−
06 Oktabr 2020
7483
Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan jinoyat ishi ochilgani va u hibslanganidan bir oy o‘tib, Sog‘liqni saqlash vazirligi rasmiy bayonot bilan chiqdi. Unda vazirlik Yo‘ldoshevaning olti farzandning onasi ekanini xotirlab, prokuratura idoralaridan unga nisbatan qamoqqa olishdan boshqa ehtiyot chora qo‘llashni so‘raydi.
“Hozirda Toshkent viloyati yuqumli kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldoshevaning qamoqqa olinishi masalasi internet tarmog‘ida keng muhokamalarga sabab bo‘lmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat protsessual kodeksining 36-moddasiga ko‘ra, tergovchi tergovning yo‘nalishi va tergov harakatlarini yuritishga oid barcha qarorlarni, prokuror ruxsatini olish qonunda nazarda tutilgan hollarni istisno etganda, mustaqil ravishda qabul qiladi.
Mazkur kodeksning 14-moddasiga ko‘ra, odil sudlovni amalga oshirishda sudyalar mustaqil faoliyat yuritib, faqat qonunga bo‘ysunadilar.
Sudyalar va xalq maslahatchilarining odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashuv qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.
O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi yuqoridagi idoralar faoliyatiga aralashishga haqli bo‘lmasa-da, Guljahon Yo‘ldosheva ayol kishi ekanligi hamda qaramog‘ida 6 nafar voyaga yetmagan farzandi borligini inobatga olgan holda, prokuratura idoralaridan boshqa ehtiyot chorasini tanlash masalasini ko‘rib chiqishni so‘raydi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, allaqachon Guljahon Yo‘ldosheva masalasi kun tartibiga chiqib, SSVning murojaatisiz ham shifokorga belgilangan qamoqqa olish ehtiyot chorasini uy qamog‘ida saqlash bilan o‘zgartirish masalasi ko‘rib chiqilmoqda. Ayni vaqtda QALAMPIR.UZ muxbiri Toshkent viloyati Chirchii shahar prokuraturasida bo‘lib turibdi. Voqea tafsilotlari birozdan keyin e’lon qilinadi.
Kecha, 5 oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik Kengashi raisi o‘rinbosari, Gender tenglikni ta’minlash masalalari bo‘yicha komissiya a’zosi Saida Mirziyoyeva prokuraturadan Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasini o‘zgartirishni so‘rab chiqqan edi.
Yo‘ldosheva ishi
Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyat bosh infeksionisti Guljahon Yo‘ldosheva koronavirus kasalligiga chalingan bemor o‘limiga sababchi bo‘lish va 250 mln so‘m mablag‘ni talon-toroj qilishda ayblanib hibsga olingandi.
U Zangiota tumanida joylashgan tergov hibsxonasining ayollar bo‘linmasida saqlanayotgan edi.
Yo‘ldoshevaga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan edi.
Joriy yilning 8 sentyabr kuni shifoxona Bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva majburiy tartibda tergovga olib kelinib, Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 207-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.
Prokuratura bayonotiga ko‘ra, ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan “qamoqqa olish” extiyot chorasi qo‘llanilgan.
Biz bugungacha ushbu ish yuzasidan Toshkent viloyati Chirchiq shahri prokurori Baxtiyor Ibrohimov, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri Bosh shifokori Feruza Shonosirova, Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasida vafot etgan shifokor Farrux Rustamovning rafiqasi Kamola Rustamova, Toshkent viloyati Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Nizom Abdullayev bilan suhbatlashdik. Ushbu intervyularda ular bir ovozda Guljahon Yo‘ldoshevani ayblagan. QALAMPIR.UZ voqealarga yanada aniqlik kiritish, ikkinchi tarafning fikrlarini tinglash maqsadida Guljahon Yo‘ldoshevaning himoyachisi Xushnud Axrorovga mikrofon tutdi.
LiveBarchasi