SSV bolalar orasida infeksiya tarqalayotganini rad etdi

Jamiyat

image

Ijtimoiy tarmoqlarda bolalar orasida mavsumiy o‘tkir respirator virusli kasalliklarga o‘xshash, lekin ich ketish va qayt qilish simptomlari bo‘lgan infeksiya tarqalayotgani bilan bog‘liq xabarlar tarqaldi. Holat yuzasidan Sog‘liqni saqlash vazirligi munosabat bildirdi.

Qayd etilishicha, shamollash mavsumining boshlanishi odatda avgust oyining oxiri va sentyabr oyiga to‘g‘ri keladi. Joriy yilda esa bu muddat biroz kechroq – oktyabr oyining oxirgi 10 kunligida boshlandi. Ya’ni bu ijtimoiy tarmoqlarda aytilayotganidek, hech qanday g‘ayriodatiy holat emas.

“Ba’zida respirator belgilar yo‘talish, aksirish, burun achishishi, tana harorati ko‘tarilishi bilan kuzatilsa, ayrim bemorlarda oshqozon-ichak tizimining buzilishi tarzida namoyon bo‘ladi. Demak, bu xastaliklar har doim ham bir xil kechmaydi va mazkur holat virusning shtammlari bilan bog‘liq”, deyiladi xabarda.

Vazirlikka ko‘ra, mavsumiy respirator kasalliklar avj olishini koronavirus mutatsiyasi sifatida baholash ham mutlaqo o‘rinsiz. Qolaversa, bugunga kelib COVID-19 oddiy respirator infeksiyaga aylanib ulgurgan. Hozirgi paytda mamlakatimizda koronavirus bo‘yicha vaziyat barqaror. Hozirda tibbiyot muassasalarida o‘tkir respirator virusli infeksiyalarni davolash uchun zarur o‘rin-joy va dori-darmon zaxiralari yaratilgan. O‘zbekistondagi epidemiologik vaziyat muntazam monitoring qilib borilmoqda.

Shuningdek, ota-onalarga kasallik belgilari kuzatilgan farzandlarini o‘z vaqtida oilaviy shifokor ko‘rigiga olib borish tavsiya etilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Piskent, Bo‘ka, Oqqo‘rg‘on va Quyi Chirchiq tumanlaridagi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolalar ommaviy zaharlangandi. Buning ortidan bir nechta autsorsing xizmatini ko‘rsatuvchi xususiy korxonalarning mas’ul shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 257-1-moddasi (sanitariyaga oid qonunchilikni yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish) 1-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bolalar sog‘lig‘idagi o‘zgarishlarga sifatsiz sut mahsulotlari sabab bo‘lishi mumkinligi haqida aytildi. Maktabgacha ta’lim tashkilotlariga olib borilgan 3,2 foizli kefir mahsuloti Oqqo‘rg‘on tumanidagi sexlarning birida ishlab chiqarilgani aniqlangan.


Maqola muallifi

Teglar

SSV infektsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing