Shimoliy Koreyaning urushdagi ishtiroki Putinning umidsizligidan dalolat beradi – NATO
Olam
−
28 Oktabr
4097Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida 600 mingdan ortiq rossiyalik askar halok bo‘ldi yoki yaralandi, Shimoliy Koreya askarlarining frontga jo‘natilishi esa Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning umidsizligidan dalolatdir. Bu haqda bugun, 28 oktyabr kuni Bryusselda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida NATO Bosh kotibi Mark Ryutte so‘z ochdi.
Ryutte Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyaga, shuningdek, ularning alohida bo‘linmalarining Kursk viloyatiga o‘tkazilishini tasdiqladi. U Shimoliy Koreyani Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishdan tiyilishga chaqirdi.
“Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishida ishtirok etishi Hind-Tinch okeani mintaqasida ham, Yevro-Atlantika makonida ham xavfsizlikka tahdiddir. Bu harakatlar Koreya yarim orolidagi tinchlikka putur yetkazadi va Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini qo‘llab-quvvatlaydi”, dedi Mark Ryutte.
NATO Bosh kotibining so‘zlariga ko‘ra, Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga o‘tkazilishi Ukrainadagi urushning sezilarli darajada avj olganini anglatadi. U Moskva va Pxenyanni bu harakatlarni zudlik bilan to‘xtatishga chaqirdi.
“NATO vaziyat rivojini diqqat bilan kuzatib boradi va alyans doirasida Ukraina va Hind-Tinch okeani mintaqasidagi hamkorlari bilan bu masalada faol maslahatlashmoqda”, deya qo‘shimcha qildi u.
Shimoliy koreyalik askarlarning Rossiyaga yuborilgani haqidagi xabarlar
Oxirgi haftalarda Shimoliy Koreya harbiylarining Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushida ishtirok etishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘ldi.
Janubiy Koreya razvedkasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Uzoq Sharq mintaqalarida allaqachon Shimoliy Koreya maxsus kuchlarining 1500 nafar askari bor va KXDR Rossiyaga jami 10 mingga yaqin harbiy xizmatchi jo‘natishi mumkin. Taxminlarga ko‘ra, bir oylik mashg‘ulotlardan so‘ng bu askarlar frontga jo‘natiladi.
“Kreml ularga Shimoliy Koreya fuqarolarini Rossiyaning sharqiy hududlari aholisi sifatida ko‘rsatib, soxta hujjatlar taqdim etishni rejalashtirmoqda”, deyiladi Janubiy Koreya razvedkasi hujjatlarida.
Avvalroq NATO Shimoliy Koreya qo‘shinlari Rossiyaga o‘tkazilganini tasdiqlagan, Shimoliy Koreya rasmiylari esa Ukrainaga askar jo‘natishini inkor etgan. Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilvosita Shimoliy Koreya askarlari Rossiya Federatsiyasida harbiy harakatlarda qatnashish uchun tayyorgarlikdan o‘tayotganini tasdiqladi.
Jurnalistning G‘arb razvedka xizmatlari tomonidan olingan sun’iy yo‘ldosh suratlari haqidagi savoliga javob berar ekan, Putin shunday dedi:
“Agar tasvirlar bo‘lsa, bu nimanidir aks ettiradi”.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Shimoliy Koreya askarlari 27-28 oktyabr kunlari frontga joylashtirilishi mumkinligini aytdi.
Yevropa Ittifoqi Pxenyanni Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etishdan ogohlantirdi.
Ayni paytda, Fridrix Nauman jamg‘armasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi keng ko‘lamli urushi boshlanganidan beri KXDR Moskvaga 1,7 milliard dollardan 5,5 milliard dollargacha bo‘lgan qurol-yarog‘larni topshirgan.
“Agar Shimoliy Koreya qo‘shinlari Ukrainaga qarshi urushda qatnashsa, Pxenyanning Rossiya bilan harbiy hamkorlikdan olgan daromadi yuzlab million dollarga oshishi mumkin”, deya qayd etadi nashr.
LiveBarchasi