Prezident yangi qarorni imzoladi

Jamiyat

image

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev bugun, 9 iyul kuni “Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorni imzoladi. Mazkur qarorning to‘liq matni bilan quyida tanishishingiz mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Qarori

Muhammad al-Xorazmiy, Ahmad Farg‘oniy, Abu Rayhon Beruniy, Mirzo Ulug‘bek singari ulug‘ ajdodlarimiz tamal toshini qo‘ygan matematika fani ilm-fan va texnikaning zamonaviy tarmoqlari jadal rivojlanishi munosabati bilan hozirgi kunda yanada katta ahamiyat kasb etmoqda. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, tibbiyot, biologiya, raqamli iqtisodiyot sohasida va boshqa ko‘plab sohalarda uning roli ayniqsa ortdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi Matematika instituti (keyingi o‘rinlarda – Institut) o‘z faoliyati davrida matematika fanini rivojlantirishga, respublika uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlashga sezilarli hissa qo‘shdi va matematik tadqiqotlarning jahon darajasida e’tirof etilgan markazlaridan biriga aylandi.

Institutda funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va algebra bo‘yicha ilmiy maktablar shakllandi va muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Xodimlarning ilmiy tadqiqotlari besh marta O‘zbekiston Davlat mukofotiga sazovor bo‘ldi, 12 nafar taniqli olim O‘zbekiston Fanlar akademiyasining haqiqiy a’zoligiga va nufuzli Butunjahon fanlar akademiyasi (TWAS)ga saylangan.

Bonn, Kembrij, Parij, Seul, Santyago de Kompastela universitetlari va boshqa ilmiy markazlarning olimlari bilan birgalikda qo‘shma ilmiy loyihalar amalga oshirilmoqda. Institutda davlat universitetlari, maktablar va akademik litseylarda ma’ruzalar o‘qish va maxsus kurslar o‘tish, shuningdek, magistrlik dissertatsiyalariga rahbarlik qilish amaliyoti keng joriy etilgan. Bugungi kunda ilmiy xodimlarning o‘rtacha yoshi 47 yoshni, ilmiy darajali ilmiy xodimlar ulushi esa 87,0 foizni tashkil etmoqda.

Shu bilan birga, har tomonlama tahlillar bir qancha tizimli vazifalarni aniqladi. Ularning amalga oshirilishi Institutning ilmiy loyihalarni xatlovdan o‘tkazish, mavjud ilmiy salohiyatdan yuqori darajada foydalanish va uni rivojlantirishga doir faoliyatini tubdan takomillashtirishni, tadqiqotlarni joriy etish samaradorligining amaliy indikatorlari va maqsadli ko‘rsatkichlari ishlab chiqilishini O‘zbekiston Fanlar akademiyasi tomonidan yanada aniq muvofiqlashtirishni, shuningdek, davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash choralarini talab etadi.

Matematika ta’limi va fanlarini yanada rivojlantirish, fundamental, qidiruv va amaliy ilmiy tadqiqotlar olib borish, oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutlarining faoliyati va ilmiy kadrlar tayyorlash samaradorligini ta’minlash, ilm-fan, iqtisodiyot tarmoqlari va ishlab chiqarishning integratsiyasini mustahkamlash, jahonning yetakchi ilmiy markazlari va universitetlari bilan xalqaro ilmiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirish maqsadida:

1. Institut jamoasining matematika fanini rivojlantirishga, ilm-fan va ta’limning integratsiyasini mustahkamlashga, yuqori malakali kadrlar tayyorlashga va Vatanimiz matematika maktablarining yutuqlarini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan faoliyati qo‘llab-quvvatlansin.

2. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Matematika fanini rivojlantirish va Institut faoliyatini takomillashtirishning quyidagi ustuvor vazifalarni amalga oshirishni nazarda tutuvchi maqsadli dasturini (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlash to‘g‘risidagi taklifi qabul qilinsin:

•    ilm-fanning turdosh sohalarida va iqtisodiyot tarmoqlarida ilmiy natijalardan foydalanish, shuningdek, Institutning muayyan ilmiy yo‘nalishlarini fundamental izlanishlardan amaliy izlanishlarga qayta yo‘naltirish dasturlarini ishlab chiqish;

•    2020-2022 yillarda iqtisodiyot tarmoqlari va ijtimoiy soha uchun matematika bo‘yicha oliy malakali kadrlar tayyorlash chora-tadbirlari dasturini ishlab chiqish;

•    ilmiy natijalar keng muhokama qilinishini va zamonaviy ilm-fan yutuqlari ommalashtirilishini tashkil etish. Institut ishlanmalarining doimiy ravishda yangilanadigan elektron ma’lumotlar bazasini yaratish;

•    ilmiy-tadqiqot faoliyatining ta’lim jarayoni bilan aloqalarini mustahkamlash. Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti talabalari va Institut xodimlarining tajriba start-up loyihalari amalga oshirilishiga ko‘maklashish;

•    Matematika sohasida jahon ilmiy markazlari, shu jumladan, MDH, Yevropa, Amerika va Osiyo mamlakatlarining yetakchi universitetlari bilan hamkorlikda tadqiqotlar tashkil etish;

•    noshirlik faoliyatini yaxshilash va materiallar e’lon qilishda faollikni oshirish. Ingliz tilidagi “O‘zbekiston matematika jurnali” ilmiy nashri faoliyatini takomillashtirish;

•    moliyalashtirish tizimini takomillashtirish, xarajatlarni maqbullashtirish va Institutning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash. Infratuzilmani modernizatsiya qilish. Xodimlar uchun ish sharoitlarini yaxshilash va ularni moddiy rag‘batlantirish tizimini takomillashtirish. Har yilgi “Ilm-fan yetakchisi” respublika tanlovini o‘tkazish.

Maqsadli dastur to‘liq bajarilishini ta’minlash, Institut faoliyati samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish yuzasidan muvofiqlashtirilgan va oldini oluvchi chora-tadbirlar ko‘rilishi uchun O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashevga va vitse-prezidentlarga shaxsiy mas’uliyat yuklansin.

3. 2020-2024 yillarda Institutning ilmiy-tadqiqot ishlari dasturi 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda Institutning ilmiy yo‘nalishlariga muvofiq har yili Institut ilmiy-tadqiqot ishlari kalendar dasturlari ishlab chiqilishi va tasdiqlanishini ta’minlasin.

4. O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Fanlar akademiyasi va Institut darsliklar, o‘quv va ko‘rgazmali qo‘llanmalar, shu jumladan, elektron darsliklar, o‘quv va ko‘rgazmali qurollarni Institutning ekspert xulosasidan keyin e’lon qilish, ta’lim muassasalarida matematika fanlarini o‘qitish, matematika olimpiadalarini o‘tkazish tartibini takomillashtirish yuzasidan bir oy muddatda takliflar kiritsin.

5. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ilmiy-tadqiqot muassasalari faoliyatini boshqarish bo‘yicha ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish asosida bir oy muddatda:

•    Maqsadli indikatorlar asosida Fanlar akademiyasi tizimiga kiradigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining ilmiy bo‘linmalari va xodimlari faoliyatini baholash mezonlarini ishlab chiqsin;

•    O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi tizimidagi ilmiy-tadqiqot muassasalari rahbarlarini lavozimga tayinlash va lavozimdan ozod qilish tartibini belgilash bo‘yicha asoslangan takliflar kiritsin.

6. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Institutning 2021 yilgacha maqsadli ko‘rsatkichlarini (indikatorlarini) (keyingi o‘rinlarda – Maqsadli ko‘rsatkichlar) 3-ilovaga muvofiq tasdiqlash to‘g‘risidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilansinki, 2020 yildan boshlab ilmiy laboratoriyalar va ilmiy xodimlarning faoliyati reyting tizimi asosida har yili O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Rayosatining qarori bo‘yicha tashkil etiladigan maxsus komissiya tomonidan baholanadi.

7. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, “El-yurt umidi” jamg‘armasi va O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi Institut ilmiy xodimlarining 4-ilovaga muvofiq yetakchi xorijiy ilmiy markazlarda malaka oshirishini ta’minlasin.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “El-yurt umidi” jamg‘armasi hamda O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish va novatorlik g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari Institut ilmiy xodimlarining malaka oshirishini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin.

8. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi va Moliya vazirligining 2020 yil 1 yanvardan boshlab O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga moliyalashtiriladigan oliy ta’limdan keyingi ta’limda stajyor-tadqiqotchilar institutini (keyingi o‘rinlarda – stajyor-tadqiqotchilar instituti) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Institutga oliy ta’limdan keyingi ta’lim institutida o‘qish uchun ajratiladigan qabul kvotasining yarmidan kam bo‘lmagan miqdordagi qabul kvotasi stajyor-tadqiqotchilar instituti uchun ajratilishini ta’minlasin.

9. Institut tuzilmasiga:

•    o‘tkaziladigan ilmiy tadqiqotlar samaradorligi va natijadorligini oshirish, ilmiy kadrlar tayyorlash, ilmiy-tadqiqot faoliyatini ta’lim jarayoni bilan integratsiyalashtirishni ta’minlash uchun mas’ul bo‘lgan Institut ilmiy rahbari – direktorning ilm-fan bo‘yicha o‘rinbosari lavozimi;

•    algebra va uning tatbiqlari, differensial tenglamalar va uning tatbiqlari, chiziqsiz tizimlar, dinamik tizimlar va ularning tatbiqlarini matematik modellashtirish, stoxastik tahlil, tibbiy-biologik informatika, hisoblash matematikasi yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy laboratoriyalar kiritilsin.

•    Institut tuzilmasida yuridik shaxs tashkil etmasdan Yosh matematiklar o‘quv markazi tashkil etilsin, unga quyidagi vazifalarni amalga oshirish yuklansin:

•    umumta’lim maktablari va litseylarning o‘quvchilari, oliy ta’lim muassasalarining talabalari va doktorantlar uchun matematika bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etish;

•    O‘zbekiston terma jamoasini xalqaro matematika olimpiadalariga tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

•    iqtidorli yoshlarni saralab olish va maqsadli tayyorlash jarayonlariga o‘qitishning zamonaviy usullarini va pedagogik innovatsiyalarni joriy etish;

•    yetakchi olimlar va yuqori malakali mutaxassislarni, shu jumladan, xorijiy olimlar va mutaxassislarni ta’lim jarayoniga jalb qilish.

10. Institutning yangilangan tuzilmasi 5-ilovaga muvofiq tasdiqlansin. Ilmiy kengash va Yosh olimlar kengashi tarkibi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti bilan kelishgan holda tasdiqlanishi ma’lumot uchun qabul qilinsin.

11. Belgilab qo‘yilsinki, 2020 yil 1 yanvardan boshlab Institut xodimlari mehnatiga haq to‘lash, bino va inshootlarini saqlash xarajatlarini moliyalashtirish, shuningdek, joriy xarajatlarini qoplash O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga amalga oshiriladi.

12. Quyidagilar Institut faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib belgilansin:

•    O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari;

•    xalqaro moliya institutlari va boshqa institutlar, xorijiy tashkilotlarning grantlari doirasida tushadigan mablag‘lar;

•    xo‘jalik faoliyatidan tushadigan mablag‘lar;

•    qonun hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.

13. O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Innovatsion rivojlanish vazirligi bilan birgalikda Institutga fundamental tadqiqotlarning ilmiy-texnik loyihalarini amalga oshirish uchun ajratiladigan byudjet mablag‘lari ushbu qaror topshiriqlaridan kelib chiqqan holda talab etiladigan qo‘shimcha byudjet mablag‘larining bir qismini qoplashga yo‘naltirilishini ta’minlasin.

14. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi, Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, Moliya vazirligining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 1 noyabrdagi PQ–3365-son qaroriga muvofiq 2020 yilda Institut binosini (keyingi o‘rinlarda – ob’ekt) kapital ta’mirlash, shuningdek, uning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash to‘g‘risidagi taklifiga rozilik berilsin.

15. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi ikki oy muddatda:

•    ob’ekt bo‘yicha loyiha-smeta hujjatlarini tayyorlasin va ularning belgilangan tartibda ekspertizadan o‘tkazilishini ta’minlasin;

•    O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti Nodir qo‘lyozmalar markazining bino va inshootlari bo‘shatilishini ta’minlasin.

16. O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining asoslangan buyurtmanomalari asosida 2020 yilgi O‘zbekiston Respublikasi Investitsiya dasturini shakllantirishda ob’ektni kapital ta’mirlash uchun tasdiqlangan loyiha-smeta hujjatlariga muvofiq kapital qo‘yilmalarning tegishli limitlarini nazarda tutsin.

17. O‘zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligi ob’ektda kapital ta’mirlash va qurilish-montaj ishlari bajarilishining sifati ustidan davlat arxitektura-qurilish nazoratini o‘rnatsin.

18. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi:

•    bir oy muddatda – belgilangan tartibda Institut ustavini tasdiqlasin va uning davlat ro‘yxatidan o‘tkazilishini ta’minlasin;

•    Institutning zamonaviy kompyuter uskunalari va boshqa tashkiliy texnika bilan, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining ilmiy-tadqiqot muassasalari ob’ektlarini sotishdan tushadigan byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga to‘ldirilishini ta’minlasin;

•    ikki oy muddatda – manfaatdor vazirliklar va idoralar bilan birgalikda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. 2019 yil 24 mayda ilmiy jamoatchilik va oliy ta’lim muassasalari rektorlari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda belgilangan vazifalardan kelib chiqqan holda Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi (keyingi o‘rinlarda – Respublika kengashi) tashkil etilsin va unga quyidagi vazifalar yuklansin:

•    fan va texnologiyalar sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish, shu jumladan, fan va ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni muvofiqlashtirish, fan va texnologiyalar sohasini jadal rivojlantirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish, ularning bajarilishi natijadorligini ta’minlash;

•    ilmiy-texnik siyosat strategiyasi, ilmiy-innovatsion infratuzilmani rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlarini shakllantirish va tasdiqlash yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

•    ilmiy-texnik loyihalarning davlat maqsadli dasturlarini tasdiqlash va ularning amalga oshirilishi yuzasidan ta’sirchan nazoratni ta’minlash;

•    har yilgi ilmiy-tadqiqot ishlari dasturlarini, shuningdek, ilmiy-tadqiqot faoliyati O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘laridan to‘g‘ridan-to‘g‘ri moliyalashtirish hisobiga amalga oshiriladigan ilmiy-tadqiqot muassasalarining maqsadli indikatorlarini tasdiqlash;

•    fan va texnologiyalarni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha milliy laboratoriyalar tizimini shakllantirish, shuningdek, ilmiy-tadqiqot muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, ularni zamonaviy laboratoriya asbob-uskunalari bilan to‘ldirish va butlovchi hamda sarflash materiallari bilan uzluksiz ta’minlash bo‘yicha amaliy chora-tadbirlarni ishlab chiqish;

•    fan va texnologiyalar sohasida mamlakat ilm-fanini jahon yutuqlari bilan uyg‘unlashtirish, ilmiy salohiyat va innovatsion rivojlanishni reyting baholashda mamlakat imijini, shu jumladan, ilmiy ishlanmalarni faol tijoratlashtirish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish orqali oshirish;

•    ilmiy-tadqiqot, ta’lim va loyiha-konstruktorlik muassasalari, shuningdek, sanoat korxonalari va tijorat tuzilmalari tomonidan foydalanish maqsadida eng yangi ilmiy-texnik ishlanmalar to‘g‘risidagi ilg‘or xorijiy tajribani izlash, umumlashtirish, tahlil qilishning davlat axborot-tahlil tizimini yaratish, O‘zbekistonni rivojlantirish uchun ilmiy-texnik salohiyatning zamonaviy axborot-resurs bazasini shakllantirish;

•    muhim davlat ahamiyatiga ega bo‘lgan hamda fan va innovatsion rivojlanish sohasini isloh qilish davomida yuzaga keladigan dolzarb masalalar hamda muammolarni muhokama qilish, shu jumladan, ommaviy muhokama qilish;

•    fan va texnika sohasida Davlat mukofotini berish bilan bog‘liq masalalarni ko‘rib chiqish hamda takliflar tayyorlash.

20. O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan birgalikda bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga:

•    Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashining shaxsiy tarkibini va Kengash to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarori loyihasini;

•    O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 30 noyabrdagi PQ-3416-son qarori bilan tashkil etilgan Ilmiy-texnik axborot markazini yuqori malakali kadrlar bilan butlash va uning faoliyatini faollashtirish yuzasidan takliflarni kiritsin.

21. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi A.A.Abduvaxitov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi prezidenti B.S.Yuldashev zimmasiga yuklansin.

Qarorning ijrosi Fan va texnologiyalar bo‘yicha respublika kengashi majlislarida 2019 yil sentyabr va dekabr oylarida hamda 2020 yil aprel oyida ko‘rib chiqilsin. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti 
Shavkat Mirziyoyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Prezident qarori

Baholaganlar

26

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing