Endi yoshga doir pensiya tayinlashda hech qanday hujjat talab qilinmaydi
Jamiyat
−
01 noyabr 2023
14377O‘zbekistonda 2025 yilning 1 martidan boshlab 60 yoshli erkaklar va 55 yoshga yetgan ayollarga pensiyalar shu kunning o‘zida biror-bir turdagi hujjat talab etilmagan holda tayinlanadi. Bu haqda kecha, 31 oktyabr kuni qabul qilingan Prezident Shavkat Mirziyoyevning tegishli qarori qabul qilindi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 31 oktyabr kuni Shavkat Mirziyoyevning “Aholiga pensiya tayinlash bo‘yicha ko‘rsatiladigan davlat xizmatlari sifatini yanada oshirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingan.
Qarorga ko‘ra, 2024 yil 1 yanvardan:
• fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha ravishda Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali ham murojaat qilish imkoniyati yaratilmoqda;
• fuqarolarga pensiya tayinlanganidan so‘ng AT “Xalq banki”da jamg‘argan pensiya pulini olish uchun Pensiya jamg‘armasidan qog‘oz shaklidagi sertifikat berish tartibi bekor qilinmoqda.
Bunda, shaxsga oid ma’lumotlar (fuqaroning yoshi, jinsi), ish staji, ish haqi (to‘langan ijtimoiy soliq summasi) va oila tarkibi (turmush o‘rtog‘i va farzandlari) Adliya vazirligi, Bandlik vazirligi hamda Soliq qo‘mitasining elektron bazalaridan olinadi. Natijada esa fuqarolarga pensiya tayinlash uchun qo‘shimcha hujjatlar yig‘ish hamda o‘zi istiqomat qiluvchi Pensiya jamg‘armasining hududiy bo‘linmasiga murojaat qilish talab etilmaydi.
Shuningdek, fuqaro “Xalq banki”da mehnat faoliyati davomida har oylik ajratmalari asosida jamg‘argan mablag‘larni Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali yoki bankning mobil ilovasi orqali olish imkoniyati yaratilmoqda.
Bundan tashqari, pensiya yoshiga yetgan, ammo pensiyaga chiqmasdan ishini davom ettirish istagida bo‘lgan yoki pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolarga avtomatik tayinlangan pensiyani to‘xtatish huquqi berilmoqda. Qonunchilikka muvofiq pensiya miqdoridan norozi bo‘lgan fuqarolar pensiya miqdoriga ta’sir etuvchi qo‘shimcha hujjatlarni istalgan vaqtda taqdim etishi mumkin bo‘ladi.