Pensiya hisoblanadigan ish haqi davri uzaytirilishi mumkin
Jamiyat
−
16:53 1127 2 daqiqa
O‘zbekistonda pensiya hisoblanadigan ish haqi davri 5 yildan 20 yilgacha uzaytirilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda bugun, 15 sentyabr kuni jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan “Aholi farovonligini ta’minlash va pensiya ta’minoti tizimini isloh qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasida so‘z boradi.
Unga ko‘ra, 2027 yil 1 yanvardan boshlab pensiyani hisoblab chiqarish uchun inobatga olinadigan oxirgi mehnat faoliyati davomidagi besh yillik ish haqi davri har yili bir yilga oshirib borilgan holda yigirma yillikdagi ish haqi davriga yetkaziladi. Bunda pensiya tayinlashda o‘rtacha ish haqini aniqlashda fuqaroning eng past daromadli davrining 10 foizini pensiya hisob-kitobidan chiqarib tashlash tartibi joriy etiladi.
Shuningdek, kelasi yil 1 yanvardan yoshga doir pensiya tayinlash uchun belgilangan kamida 7 yil ish staji har yili bir yilga bosqichma-bosqich oshirilgan holda 2034 yilda 15 yilga yetkaziladi. Bunda eng kam ish stajiga ega bo‘lmagan fuqarolarga umumiy belgilangan pensiya yoshidan besh yildan keyin yoshga doir nafaqa olish huquqi saqlanib qoladi.
Bundan tashqari, yuqori daromaddan ijtimoiy soliq to‘layotgan hamda pensiya yoshida mehnat faoliyatini davom ettirayotgan fuqarolarni qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida 2028 yil 1 apreldan boshlab birinchi marta pensiya tayinlashda ish haqining yuqori chegarasi:
- pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 12 baravaridan 13 baravariga;
- 6 oy kech pensiyaga chiqilganda – pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 14 baravarigacha;
- 12 oy kech pensiyaga chiqilganda – pensiya hisoblash bazaviy miqdorining 15 baravarigacha oshirish tartibi joriy etilishi rejalashtirilmoqda.
Hujjat bo‘yicha jamoatchilik muhokamasi joriy yil 30 sentyabrga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda 2028 yil 1 yanvardan boshlab pensiya yoshini har yili 3 oyga oshirib borgan holda 2039 yilda erkaklar uchun 63 yoshga va ayollar uchun 58 yoshga yetkazish rejalashtirilayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi