Sergelidagi portlashdan so‘ng FVVga yangi vazifa yuklatildi
Jamiyat
−
07 noyabr 2023
5784Favqulodda vaziyatlar vazirligiga portlash xavfi yuqori kimyoviy moddalarni saqlash talablarini nazorat qilish vazifasi yuklandi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning kecha, 6 noyabr kuni qabul qilingan “Yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi qarorida keltirilgan.
Qarorga ko‘ra, FVVga yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalarni (mahsulotlarni) saqlash, tashish, ulardan foydalanish va yo‘q qilish sohasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish, shuningdek, ushbu sohada belgilangan talablarga rioya etilishini nazorat qilish vazifalari yuklatilgan.
Qaror bilan shuningdek, vazirlik tizimida yonish va portlash xavfi yuqori bo‘lgan kimyoviy moddalar bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish bo‘limi hamda bo‘linmalari tashkil etilishi belgilangan.
2024 yil 1 yanvardan:
• respublikaga olib kirilgan hamda bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni olib kiruvchi sub’ektlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Bojxona qo‘mitasining Yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali vazirlikka real vaqt rejimida taqdim etib boriladi;
• kimyoviy moddalar faqat favqulodda vaziyatlarning (yong‘inlarning) oldini olish va sanoat xavfsizligi talablariga javob beradigan omborlarda saqlanishiga ruxsat beriladi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga kimyoviy moddalarni olib kiruvchi sub’ektlar tomonidan bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kimyoviy moddalar va ularni saqlash joylari to‘g‘risidagi ma’lumotlarni kiritish imkoniyatiga ega bo‘lgan axborot platformasi yaratiladi.
2024 yil 1 yanvardan O‘zbekistonga kimyoviy moddalarni olib kirish, tashish, saqlash, ulardan foydalanish va yo‘q qilishda belgilangan talablarga rioya etilishini doimiy nazorat qilishning quyidagi tartibi joriy etiladi, jumladan:
• Bojxona qo‘mitasi kimyoviy moddalarni bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazadi hamda 1 kun muddatda yagona avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali kimyoviy moddalar turi, miqdori va ularni olib kiruvchi sub’ekt to‘g‘risidagi ma’lumotlarni Favqulodda vaziyatlarda harakat qilish va boshqarish milliy markaziga taqdim etadi;
• kimyoviy moddalarni olib kiruvchi sub’ektlar ushbu moddalar bojxona rasmiylashtiruvidan o‘tkazilgan kunning o‘zida axborot platformasi orqali kimyoviy moddalarning saqlanadigan joyi (ombor) haqidagi ma’lumotlarni Milliy markazga taqdim etadi.
Sergelidagi portlash
Joriy yilning 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.
Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi.
Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi va voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga oldi. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.
Omborxonada sodir bo‘lgan portlashdan so‘ng Hukumat qarori bilan 4 kishi qamoqqa olindi. Ma’lum qilinishicha, holat yuzasidan Ichki ishlar vazirligi Tergov departamenti tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi 2-qismi “a” va “b” bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergelida qancha boyliklar yonib ketgani haqida QALAMPIR.UZ maxsus reportaj tayyorlagan edi.