Toshkentda 310 gektar yer maydoni davlat o‘rmon xo‘jaligiga ajratiladi
Jamiyat
−
31 iyul 2270 2 daqiqa
Toshkent shahrida ekologik vaziyatni yaxshilash, yashillik darajasini oshirish va atmosfera havosining me’yordan ortiq ifloslanishining oldini olish maqsadida tanlangan 310 gektar yer maydoni Toshkent davlat o‘rmon xo‘jaligiga ajratiladi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Toshkent shahrini 2026–2027 yillarda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 279-sonli qarorida belgilandi.
Qarorga muvofiq, mazkur yer uchastkalarida yashil hududlarni ko‘paytirish, “yashil belbog‘” va “yashil bog‘”lar barpo etish ishlari amalga oshiriladi. Shu bilan birga, ajratilgan yerlarni xususiylashtirish, begonalashtirish, ikkilamchi ijaraga berish, ularning maydonini qisqartirish, ekilgan daraxtlarni boshqa joyga ko‘chirish hamda ko‘kalamzorlashtirish loyihalari doirasidan tashqari har qanday qurilish ishlarini amalga oshirish taqiqlanadi.
Loyihani amalga oshirish uchun uch oy muddat belgilangan. Mas’ul tashkilotlar etib Toshkent shahar hokimligi hamda O‘rmon va yashil hududlarni ko‘paytirish, cho‘llanishga qarshi kurashish agentligi belgilangan.
Shuningdek, bir oy muddatda Toshkent shahrida aholi yashash punktlaridan 15 daqiqalik piyoda masofada, shu jumladan, ustuvor ravishda ko‘p qavatli uylar tutash bo‘lgan bo‘sh yer maydonlarida namunali tarzda kichik yashil bog‘lar tashkil etiladigan hududlar aniqlanib, ularning ro‘yxati tasdiqlanadi.
Bu vazifani Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi hamda Toshkent shahar hokimligi amalga oshiradi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq mazkur qarorga muvofiq, Toshkent shahridagi Ipakchilik ilmiy-tadqiqot instituti hududida noyob tut daraxtlari saqlab qolingan holda ekobog‘, sokin hordiq chiqarish uchun mo‘ljallangan sayilgoh hamda tematik va ko‘p funksiyali ko‘ngilochar maskanlar barpo etilishi xabar qilingandi.
Live
Barchasi