O‘zbekistonda qariyb 1 trln so‘mlik 5 ta sel-suv ombori quriladi

Jamiyat

image

2027 yildan boshlab O‘zbekiston hududlarida sel va toshqin suvlarini bekorga oqizib yubormasdan, ularni qishloq xo‘jaligi va suv ta’minoti uchun ishlatishga qaratilgan 5 ta sel-suv ombori quriladi. Bu haqda joriy yil 25 mayda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Sel-toshqin suvlaridan samarali foydalanishni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 201-sonli qarori qabul qilindi.

Yaqindagina O‘zbekistonning turli nuqtalarida, ayniqsa voha hududlarida yuz bergan qishloq xo‘jaligiga yaxshigina talofatli bo‘lgan sel kelishi holatlaridan so‘ng Prezident sel suvlaridan unumli foydalanish maqsadidagi yangi qarorni imzoladi. Xujjatda qayd etilishicha, yangi omborlar qurilishi orqali Samarqand viloyatida 7 ming gektar, Toshkent viloyatida 2 ming gektar va Jizzax viloyatida 300 gektar yer maydonlarining suv ta’minoti yaxshilanadi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida 3,3 ming gektar va Toshkent viloyatida 300 gektar yangi yerlarni o‘zlashtirish rejalashtirilgan. 

Qaysi hududlarda quriladi?

Qaror bilan 2027–2030 yillarda quriladigan sel-suv omborlarining manzilli dasturi ham tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 5 ta sel-suv omboridan ikkitasi davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida, uchtasi esa to‘liq davlat mablag‘lari hisobidan quriladi.

Davlat-xususiy sheriklik asosida qurilishi rejalangan:

  • Jizzax viloyati Baxmal tumanida Tangatopdisoy sel-suv ombori;
  • Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumanida Oqsoqotasoy sel-suv ombori.

Respublika byudjeti hisobidan qurilishi rejalangan:

  • Samarqand viloyati Urgut tumanida G‘ijduvonsoy sel-suv ombori;
  • Samarqand viloyati Urgut tumanida Choshtepasoy sel-suv ombori;
  • Samarqand viloyati Qo‘shrabot tumanida Oqtepasoy sel-suv ombori.

Loyihalarning umumiy qiymati 997 milliard so‘mni tashkil etadi. Omborlarning umumiy hajmi esa 38,1 million kub metr bo‘ladi.

Shuningdek, sel-suv omborlari, ularning inshootlari, karerlar va qurilish maydonlari uchun zarur yer uchastkalari qonunchilikda belgilangan tartibda jamoat ehtiyojlari uchun olib qo‘yiladigan bo‘ldi. Bunda jismoniy va yuridik shaxslarga yetkazilgan mulkiy zarar qonunchilik asosida qoplab berilishi belgilandi.


Sel-suv ombori nima uchun kerak?

Sel-suv ombori — bu sel, yomg‘ir yoki tog‘lardan keladigan toshqin suvlarini yig‘ib qolish uchun quriladigan maxsus suv inshooti hisoblanadi. Uning asosiy vazifasi sel va toshqin xavfini kamaytirish, ortiqcha suvni to‘plash hamda keyinchalik uni qishloq xo‘jaligida sug‘orish maqsadlarida foydalanishdan iborat.
Bunday omborlar, ayniqsa, tog‘ oldi hududlarida muhim ahamiyatga ega. Chunki bahor faslida kuchli yomg‘irlar va qor erishi natijasida katta hajmda suv oqib keladi. Agar bu suvlar nazorat qilinmasa, qishloqlar, yo‘llar va ekin maydonlarini sel bosishi mumkin, huddi yaqinda bo‘lganidek. Sel-suv omborlari esa ushbu suvlarni ushlab qolib, xavfni kamaytiradi.

To‘plangan suv keyinchalik asta-sekin chiqarilib, sug‘orish tizimlariga yo‘naltiriladi. Bu suv tanqisligi kuzatiladigan hududlarda qishloq xo‘jaligi yerlarini suv bilan ta’minlash, yangi yerlarni o‘zlashtirish va hosildorlikni oshirish imkonini beradi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sel suvlaridan samarali foydalanish nafaqat tabiiy ofatlar oqibatini yumshatish, balki suv resurslarini tejash va qo‘shimcha suv manbaini yaratishda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Mazkur loyihalar orqali ham Samarqand, Toshkent va Jizzax viloyatlarida minglab gektar yerlarning suv ta’minotini yaxshilash hamda yangi yer maydonlarini o‘zlashtirish rejalashtirilgan.

Qayd etish joizki, avval, 2024 yil noyabr oyida ham Prezident Shavkat Mirziyoyev qishloq xo‘jaligida suv va energiya resurslaridan unumli foydalanish masalalari yuzasidan o‘tgan yig‘ilishda mutasaddilarga O‘zbekistonda 10 ta sel-suv ombori qurish topshirig‘ini bergan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Prezident qarori Sel-suv ombori

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing