Suv balosi: bir oilada uch janoza!
Tahlil
−
07 sentabr 2863 6 daqiqa
Charchagan nigohlar, qayta va qayta suv tubiga tushaverib ivib ketganidan mashinalar tepasiga ilib qo‘yilgan qutqaruv formalari, ko‘ngillilar bilan to‘lgan qirg‘oq va har gal yaqinlarining jasadi topilishidan umidvor bo‘lib qayiqlarning yo‘liga ko‘z tikkan jabrdiydalar. Chorvoq suv omborining “Burchmullo” qishlog‘iga yaqin qismida mana 5 kundirki kuzatilayotgan holat
Joriy yilning 2 sentyabr kuni Chorvoq suv omborining belgilanmagan qismida cho‘milmoqchi bo‘lgan ota va uning ikki nafar farzandi oyoq tomirlarining kutilmaganda tortishib qolishi oqibatida cho‘kib ketgandi. Shu kundan boshlab Toshkent viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda bir qancha qator tashkilotlar tomonidan qidiruv ishlari olib borilmoqda. QALAMPIR.UZ ushbu manzilga borib, qutqaruv jarayonlari qanday amalga oshirilayotgani haqida o‘rgandi.
“Qidiruv jarayonlari hozirgi kunda 2-2,5 kilometr radiusda davom etyapti. Tun-u kun to‘xtash bo‘lmayapti. Kerakli kuch-vositalar hammasi jalb qilingan. Vazirligimiz topshirig‘iga asosan Jizzax viloyati, Sirdaryo viloyatidan ham qutqaruvchilar jalb qilingan. Hozirgi kunda umumiy yettita qutqaruv “otryad”lari jalb qilingan, suvda to‘qqizta ekipaj ishlayapti.
G‘avvoslar soni 40-45 tani tashkil qiladi. Endi bu yerda “akvatoriya” katta. Suv sathi, ya’ni o‘sha joylashgan joyi ham Chorvoq suv omborida, juda katta suv miqdori mavjud. Fuqarolarga tushuncha bo‘lishi uchun aytib o‘tamiz, basseyndagi suv bilan bu suv omboridagi suvning ancha farqi bor. Basseynda suv ma’lum bir joyda turadi faqat, to‘lqin bo‘lmaydi yoki qanaqadir bosim kamroq bo‘ladi. Bekorga o‘sha Chorvoq suv omborining maxsus joylari cho‘milish uchun mo‘ljallanmagan... O‘sha joyda cho‘milsa, xavfsiz hudud hisoblanadi. Atrofi o‘ralgan, hududlarda cho‘milish tavsiya qilinadi. Mana bunga o‘xshab o‘rta qismida yoki o‘sha taqiqlangan joylarda cho‘milish oqibati har xil baxtsiz hodisalar bilan tugashiga olib kelyapti. G‘avvoslarga qutqaruv jarayonlarining qiyinchilik tug‘dirayotgan omillar bu tashqaridan yop-yorug‘ kun, suv yuzasi bizga ko‘m-ko‘k bo‘lib, shaffof bo‘lib ko‘rinishi mumkin, lekin suv tubida ko‘rish imkoniyati 1-1,5 metrni tashkil qiladi. Bu demak-ki, o‘sha g‘avvos ko‘proq harakat qilishi, ko‘proq hududni, ya’ni suv tubida ko‘proq masofasini aylanib chiqishga to‘g‘ri keladi. Qutqaruv havo ballonlaridagi bosim ham shunga moslangan. Ya’ni, barcha imkoniyatlar yetarli, Xudo xohlasa, tez fursatlarda topishga harakat qilamiz”, deydi Bo‘stonliq tumani ixtisoslashgan FVB boshlig‘i o‘rinbosari
Jarayonlarda xodimlar bilan bir qatorda mahalliy aholining ham ko‘plab vakillari ko‘ngilli sifatida qidiruv ishlarida ko‘mak berishga urinishayotganiga ko‘zimiz tushdi.
“Voqeaga shaxsan guvoh bo‘lganimiz yo‘q, lekin 2 sentyabrdan beri Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan katta kuch tashlangan. U holat ro‘y bergan paytda hech kim bo‘lmagan. Katerda faqat aynan o‘sha oila hamda katerni haydayotgan yigit bo‘lgan ekan. Hozirgi kunda o‘sha oiladan onasi hamda singlisi sog‘-salomat. Hammasi sog‘-salomat, faqatgina o‘sha ota hamda ikkita o‘g‘il cho‘kishgan. Butun respublikadan kuch tashlangan, hamma o‘sha oilani qidirish bilan ovora-yu sarson. Xudo xohlasa, topiladi degan umiddamiz, inshoolloh yaxshi bo‘ladi.
O‘zimiz shu burchmullalikmiz. Bu yerning xalqi ham kelib, bel bog‘lab, birgalashib, shu xodimlar bilan birga yelkama-yelka turib xizmat qilyapti”, deydi mahalliy aholi vakillaridan biri.
Yuz bergan baxtsiz hodisa suv omboridan bir necha km uzoqlikda joylashgan kuzatuv kamerasining tasvirlariga anchayin xira shaklda bo‘lsa ham yozilib qolgan va aynan o‘sha tasvirlar Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan maxsus shtabga qidiruv radiusini belgilashda yordam bergan.
“Bu Chorvoq suv omborining umumiy ko‘rinishi, ya’ni hozir biz turgan joyimiz mana “Yakkatut” hamda “Burchmulla” qishloqlarining o‘rtasida, ya’ni qidiruv ishlari aynan mana shu perimetrda bo‘lyapti. O‘sha boya lavhada aytib o‘tgan 2,5 kilometr radius degan joyimiz aynan mana shu nuqtalarda qidiruv ishlari amalga oshirilyapti”, deydi Bo‘stonliq tumani ixtisoslashgan FVB boshlig‘i o‘rinbosari Rustam Bo‘riyev.
20-25 metr chuqurlikda qidiruv jarayonlarini amalga oshirish qutqaruvchilar uchun ham oson bo‘lmayotgani aniq. Shuning uchun ham ularga qisman bo‘lsa-da yordam berishi uchun suv yuzasida yurib suv ostidagi jismni aniqlab signal yuboradigan maxsus “Apachi” droni ham olib kelindi.
Hozir suv ostida yo‘qolgan 3 nafar insonning yaqinlariga oson bo‘lmayotgani aniq. Bu holatda ularning dardini hech kim yengillatishiga ham umid yo‘q, biroq marhumlarning yaqinlaridan biri bizga bergan intervyusida odamlardan hech bo‘lmasa tuhmat so‘zlarni aytib, ijtimoiy tarmoqlarda haqiqatga to‘g‘ri kelmaydigan so‘zlarni yozmasliklarini iltimos qildi.
“Xolavachcham bo‘ladilar menga. Xolamning bolalari shu cho‘milishga chiqishgan katerda. Suvda cho‘milgan paytida tomir tortishib qolib, shu kichkina o‘g‘illarining tomiri tortishganda, keyin dadalari, shu Yodgor akam yordamga tushgan. Ularning ham tomiri tortishib, keyin katta o‘g‘illari Nodir yordamga tushgan. O‘sha yerda keyin orada katerdagi bolada o‘sha nimchasi bo‘lgan, ustida “jilet”i bo‘lgan, katerdagi bolaning. Nodirda ham “jilet”i bo‘lgan ekan. Faqat u “jilet”ni yechib, dadasini qutqarish maqsadida tezroq o‘sha tashlagan o‘zini suvga. Suv sovuqligi sababli tomiri tortishib, keyin shunaqa holat bo‘lgan, cho‘kkan. Endi ayoli, kelinim, o‘sha qizi katerda bo‘lgan. Ular ham ko‘rgan cho‘kkan holatini. Keyin qirg‘oqda bo‘lgan skuter kelib, katerchini qutqargan. Kelinim bilan qizini olib ketgan. Shu bilan FVV yetib keldi o‘sha kunning o‘zida. Kechqurun soat 9 gacha shu yerda qidiruv ishlari, mana o‘sha kundan beri hozir qidiruv ishlari olib borilyapti. Rahmat aytamiz Favqulodda vaziyatlar vazirligi xodimlariga, ayniqsa mana shu “Burchmulla” qishlog‘i aholisiga juda katta rahmat aytamiz. Ular shu kundan berib xuddi bizdek birga-da, birga yurib, birga mana bu yerda nechta burchmullalik yigitlari bor, mana ko‘ngillilar. Bu yoqdan mana Sijjak qishlog‘idan kelishyapti, “kater”i borlar.
Bizga moddiy yordam kerak emas, bizga faqatgina mana shularning ishlashi va o‘sha “kommentariy”larda kimdir o‘lib qolibdi, onasi o‘lib qolibdi, degan gaplar bo‘layapti. Unaqa holatlar yo‘q. Xudoga shukur, qolganlari shu yerdalar, yaxshi, hech kim shifoxonada ham emas. Buni hech kimning boshiga solmasin. Chunki bitta oilada erkaklar yo‘q bo‘lib ketyapti-da. Hali biz o‘sha yerdamiz, chiqishini kutyapmiz. Endi har holda akamiz. Beshinchi sutka o‘tyapti, haligacha yo‘q. Qiyin, oilaga qiyin, xolamga qiyin. Mana hozir qon bosimlari ko‘tarilib, farzand dog‘ida qiynalyapti. Xudo xohlasa topilsa, so‘nggi manziliga kuzatsak, yaxshi bo‘lar edi”, dedi yo‘qolganlarning xolavachchasi Shuhrat Shokirjonovich.
Umid Sulaymonov
Live
Barchasi