“Suratga tushish uchun to‘xtagan”. FVV Chorvoqdagi fojia tafsilotlarini ma’lum qildi (video)
3-sahifa
−
10:49 4093 2 daqiqa
Joriy yilning 2 sentyabr kuni Toshkent viloyatidagi Chorvoq suv omborida cho‘kib ketgan 3 kishi suratga tushish uchun cho‘milish taqiqlangan hududda katerni to‘xtatib, qutqaruv nimchalarisiz suvga tushgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot kotibi Murod Sodiqov xabar berdi.
Qayd etilishicha, hodisa Chorvoq suv omborining Burchmulla MFY hududidan oqib o‘tuvchi qismida sodir bo‘lgan.
FVV qutqaruv otryadining komandiri Rustam Bo‘riyevga ko‘ra, bir oila katerda suv bo‘ylab sayr qilgan va suratga tushish maqsadida cho‘milish taqiqlangan hududda to‘xtagan. Keyinchalik ular shu joyning o‘zida cho‘milishga qaror qilgan.
Aytilishicha, cho‘milish vaqtida ular qutqaruv nimchalaridan foydalanmagan. Katerni boshqarib kelgan haydovchi fuqarolarga suvga tushishdan avval qutqaruv nimchalarini kiyishni tavsiya qilgan, biroq uning tavsiyasiga rioya qilinmagan.
Bo‘riyevning so‘zlariga ko‘ra, suvga tushgan birinchi bola oyog‘ining tomiri tortib qolgan. Shundan so‘ng otasi uni qutqarish uchun suvga tushgan. Keyin yana bir o‘g‘il suvga kirgan. Shu tariqa ota va uning ikki o‘g‘li ketma-ket cho‘kib ketgan. Shuningdek, Rustam Bo‘riyevning ta’kidlashicha, hodisa sodir bo‘lgan hududda shamol bo‘lib turgan, suvda ozgina to‘lqin hosil bo‘lgan. O‘sha jarayonda cho‘kish holati yuz bergan.
“Bu juda tez sodir bo‘lgan”, degan Bo‘riyev.
Hodisa vaqtida katerda ayol va yana ularning bir singlisi ham bo‘lgan. Ular atrofdagilardan yordam so‘ragan. Kater haydovchisi ham suvga tushib, ularni qutqarishga uringan, biroq buning imkoni bo‘lmagan.
Hozirda qidiruv-qutqaruv ishlariga 5 ta qutqaruv otryadi va suvda harakatlanayotgan 7 ta qutqaruv brigadasi jalb qilingan. FVV rahbariyati topshirig‘iga asosan Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridan ham qutqaruv otryadlari Chorvoqqa yuborilgan.
Ma’lum qilinishicha, hodisa joyida maxsus shtab tashkil etilgan bo‘lib, FVV rahbariyati hamda hamkor xizmatlar tomonidan qidiruv ishlari olib borilmoqda. Qutqaruvchilar cho‘kkan fuqarolarni topish uchun ishlarni uzluksiz davom ettirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Namangan viloyatida dam oluvchilar o‘tirgan 2 ta kater to‘qnashib ketib, odamlar halok bo‘lgan edi.
Live
Barchasi