Hokimlar uchun har payshanba to‘liq sport kuni sifatida belgilanishi mumkin
Sport
−
31 may
3438Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari uchun haftaning har payshanba kunini to‘liq jismoniy tarbiya va sport kuni sifatida belgilanishi kutilmoqda. Bu haqda Prezidentning tegishli qarori loyihasi e’lon qilindi.
“Davlat sport maktablari faoliyatini yanada takomillashtirish, yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishiga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish to‘g‘risida”gi Prezident qarori loyihasida Sport vazirligi tizimidagi sport maktablari faoliyatini yangi tartibda tashkil etish nazarda tutilgan.
Hujjat loyihasiga ko‘ra, 2025/2026 o‘quv yilidan boshlab sport maktablari xodimlarining bazaviy tarif stavkasiga ustamalar sport maktabi tomonidan tuman va shaharlarda yoshlarning sportga jalb qilingan bolalar, o‘smirlar va yoshlar ulushi hamda nufuzli xalqaro va respublika sport musobaqalarida erishilgan natijalar uchun belgilanadi, shuningdek, sport maktablariga o‘quvchilarning hujjatlarini qabul qilish hamda ularning o‘qishini ko‘chirish bo‘yicha davlat xizmatlarini ko‘rsatish davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali yil davomida amalga oshiriladi.
Quyidagilar sport maktablarining qo‘shimcha vazifalari etib belgilanadi:
- mamlakatda bolalar, o‘smirlar va yoshlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportni, shuningdek sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish;
- bolalar, o‘smirlar va yoshlarni sport bilan muntazam shug‘ullanishga jalb etish, shuningdek ularning sog‘lig‘ini mustahkamlashga va har tomonlama jismoniy kamol topishiga yo‘naltirilgan sport-sog‘lomlashtirish va tarbiyaviy ishlarni olib borish;
- bolalar, o‘smirlar va yoshlarda sport bilan shug‘ullanish qobiliyatlarini aniqlash va ularni sportning alohida turlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan sport mashg‘ulotlariga jalb qilish;
- sport bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulotlarni o‘tkazish uchun malakali trenerlar tarkibini shakllantirish, sport zaxirasi va sport turlari bo‘yicha professional sportchilar zaxirasini yaratish;
- sport maktablari o‘quvchi-sportchilari uchun sportning alohida turlari bo‘yicha o‘quv-mashg‘ulot jarayonini tashkil etish, shuningdek ularni o‘qitish usullari va shakllarining uzviyligini ta’minlash;
- hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) va boshqa jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari bilan hamkorlikni rivojlantirish.
Loyihada keltirilishicha, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari har yili 1 fevralga qadar Sport vazirligi bilan kelishgan holda o‘z hududlarida jismoniy tarbiya va sport sohasida amalga oshiradigan vazifalari va erishilishi lozim bo‘lgan ko‘rsatkichlarini belgilashni nazarda tutuvchi yillik Jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish dasturlarini (keyingi o‘rinlarda – hududiy dasturlar) tasdiqlaydi.
Sport vazirligi hududiy dasturlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarning o‘z vaqtida va sifatli amalga oshirilishini muntazam ravishda monitoring qilib boradi hamda har chorak yakunlari bo‘yicha Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib boradi.
“Hududlarda yosh istiqbolli sportchilarni saralash, tanlab olish va tayyorlash, shuningdek hududiy sport federatsiyalari (uyushmalari) bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va hududiy terma jamoalarni shakllantirish bo‘yicha ishlarni tizimli tashkil qilish maqsadida, Sport vazirligi tizimidagi ixtisoslashtirilgan sport maktablari negizida hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari tashkil etilsin”, deyiladi qaror loyihasida.
Keltirilishicha, hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari Sport turlarini rivojlantirish respublika markazlarining milliy terma jamoalarga zaxira sportchilarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri yetkazib beruvchi hududiy tuzilmasi hisoblanadi.
Hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari hududiy sport terma jamoalarini shakllantirish, sportchilarning tayyorgarligini, ularning hududiy va respublika sport musobaqalarida ishtirok etishini tashkil qilishni amalga oshiradi.
Hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari tegishli yosh toifalari (kichik o‘smirlar, o‘smirlar, yoshlar, U-23 va kattalar) bo‘yicha hududiy sport terma jamoalari tarkiblari shakllantiradi.
Qaror loyihasida quyidagicha tartib o‘rnatilishi nazarda tutilgan:
- mahallalarda sport to‘garaklarini tashkil etgan trenerlarga o‘zi tayyorlayotgan sportchilarni “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati yaratiladi;
- nodavlat jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari reyestrini (keyingi o‘rinlarda – reyestr) yuritish tartibi joriy etiladi. Bunda, reyestrga ixtiyoriy tartibda sport klublari, fitnes klublar, sport ta’lim muassasalari hamda jismoniy-tarbiya va sport sohasida faoliyat yurituvchi boshqa nodavlat yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar kiritilishi mumkin;
Reyestrga kiritilgan nodavlat jismoniy tarbiya-sport tashkilotlariga:
- sportchilarini “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida ro‘yxatdan o‘tkazish;
- mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan zarur sport jihozlari va inventarlar yetkazib beriladi;
- reyestr Sport vazirligi tomonidan “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida yuritiladi;
- jismoniy tarbiya-sport tashkilotlarida trenerlik faoliyati bo‘yicha malaka oshirganlik haqidagi sertifikatga ega bo‘lmagan shaxslar tomonidan trenerlik faoliyatini amalga oshirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Shuningdek, loyihaga ko‘ra, 2026 yil 1 yanvardan boshlab reyestrga kiritilgan nodavlat jismoniy tarbiya-sport tashkilotlariga Davlat byudjetidan sport sohasini rivojlantirishga yo‘naltiriladigan mablag‘lar doirasida subsidiya berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda, subsidiya Olimpiya va Paralimpiya sport turlariga jalb qilingan bolalar, o‘smirlar va yoshlar sonidan hamda Olimpiya, Paralimpiya, Osiyo va Paraosiyo o‘yinlari, Olimpiya va Paralimpiya sport turlari bo‘yicha jahon va Osiyo chempionatlarida erishilgan natijalardan kelib chiqib beriladi.
Sport infratuzilmasidan samarali foydalanishni tashkil etish maqsadida 2025 yil 1 yanvardan boshlab sport inshootlari reyestrini yuritish tartibi joriy etiladi.
Bunda:
- barpo etilib, foydalanishga topshirilgan sport inshootlari mulkdor yoki balansda saqlovchining arizasiga muvofiq sport inshootlari reyestriga kiritiladi;
- belgilangan tartibda foydalanishga topshirilgan sport inshootini reyestrga kiritishni rad etishga yo‘l qo‘yilmaydi;
- sport inshootlari reyestrini shakllantirish, yuritish va reyestrda chiqarish Sport vazirligi tomonidan amalga oshiriladi hamda “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimida ochiq ma’lumotlar sifatida joylashtiriladi;
- Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga barpo etilgan sport inshootlaridan samarali foydalanishga alohida e’tibor qaratiladi hamda “ommaviy sport ruhi” shakllantiriladi;
- sport inshootlari reyestriga kiritilmagan sport inshootlarida rasmiy sport musobaqalari o‘tkazilmaydi;
- hududlarda Sport vazirligi tizimidagi sport inshootlaridan jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid bo‘lmagan boshqa tadbirlarni o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Vazirlar Mahkamasi topshiriqlari hamda Sport vazirligi bilan kelishilgan holda o‘tkaziladigan tadbirlar bundan mustasno.
Qaror loyihasida Sport vazirligiga 2024 yil yakuniga qadar quyidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritishi belgilangan:
- Davlat byudjetidan moliyalashtiriladigan sport ta’lim muassasalari (olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazlari bundan mustasno) to‘g‘risidagi, shuningdek ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va mehnatini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi;
- respublika va hududiy sport turlarini rivojlantirish markazlari to‘g‘risidagi, shuningdek ularning xodimlari mehnatiga haq to‘lash va mehnatini moddiy rag‘batlantirish tartibi to‘g‘risidagi;
- jismoniy tarbiya-sport tashkilotlari reyestrini shakllantirish, yuritish va reyestrdan chiqarish tartibi, shuningdek sport inshootlari reyestrini shakllantirish, yuritish va reyestrdan chiqarish tartibi to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlashni nazarda tutuvchi Hukumat qarorlari loyihalarini;
- Uch oy muddatda esa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risidagi takliflarni Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.