Shavkat Mirziyoyev Toshkentga qaytib keldi

Jamiyat

image
0:00
0:00
download
O‘zbekiston va Saudiya qariyb $12 mlrdlik bitimlar imzoladi north_east

O‘zbekiston va Saudiya qariyb $12 mlrdlik bitimlar imzoladi

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga ikki kunlik davlat tashrifini yakunlab, bugun, 19 avgust kuni Toshkentga qaytib keldi.

Prezident 17 avgust kuni Saudiya Arabistoniga jo‘nab ketgandi. U safarini Madinai Munavvaradan boshladi. U yerda Shavkat Mirziyoyev Masjidun Nabaviyni va payg‘ambar Muhammad (s.a.v.) qabrini ziyorat qildi. Davlat rahbari Madinani ziyorat qilib yurgan vatandoshlarimiz bilan ham suhbatlashdi. Shundan so‘ng u davlat tashrifining asosiy tadbirlari o‘tkazilgan Jiddaga jo‘nab ketdi.

Jiddada Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoni Podshohligi Valiahd shahzodasi Muhammad bin Salmon Ol Saud bilan muzokara o‘tkazdi. Muzokaralar natijalari bo‘yicha imzolangan hujjatlar almashildi. 

O‘zbekiston Respublikasi bilan Saudiya Arabistoni Podshohligi o‘rtasida keng qamrovli sheriklik munosabatlarini yanada kengaytirish to‘g‘risida Qo‘shma bayonot qabul qilindi. Ikki mamlakat hukumatlari va vazirliklari o‘rtasida energetika, bojxona, fuqaro aviatsiyasi, turizm, qishloq xo‘jaligi, sog‘liqni saqlash, mehnat munosabatlari kabi sohalarda hamkorlikka doir 15 ta hujjat qabul qilindi.

Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga davlat tashrifining ikkinchi kunida Jidda shahrida Islom hamkorlik tashkiloti bosh kotibi Husayn Ibrohim Toha va Islom taraqqiyot banki prezidenti Muhammad bin Sulaymon Al-Jassir bilan uchrashdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Jidda shahrida Saudiya Arabistoni Podshohligining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistoniga tashrifi chog‘ida muqaddas Makka shahrida bo‘lib, Umra amallarini bajardi.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Mirziyoev

Baholaganlar

182

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing