Shavkat Mirziyoyev Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi
Jamiyat
−
16 iyul 2021
2230Bugun, 16 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Toshkentdagi xalqaro konferensiya doirasida Turkiya Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Mavlud Chavusho‘g‘lini qabul qildi.
Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston–Turkiya munosabatlarining dolzarb masalalari ko‘rib chiqildi.
Davlat rahbari Turkiya bilan munosabatlarning samarali va jadal ruhini mamnuniyat bilan qayd etdi. Ikki mamlakat yetakchilarining muntazam muloqoti do‘stlik va strategik sheriklik rishtalarini mustahkamlash, ikki tomonlama hamkorlikni aniq mazmun bilan boyitishga xizmat qilmoqda.
Mavlud Chavusho‘g‘li O‘zbekiston Prezidentiga Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘anning salomi va samimiy tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda oliy darajadagi Strategik hamkorlik kengashining ikkinchi yig‘ilishiga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Mintaqa kun tartibi, shu jumladan Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan batafsil fikr almashildi.
Ushbu mamlakatda mustahkam tinchlikka erishish va uning iqtisodiyotini tiklash borasida yaqindan hamkorlik qilish muhim ekani ta’kidlandi.
Eslatib o‘tamiz, Turkiya TIV rahbari joriy yilning 14 iyul kuni Istanbuldan Farg‘onaga uchib kelgandi. U Toshkent konferensiyasida qatnashishdan oldin Marg‘ilon hunarmandchilik markazida bo‘lib, milliy matolar, ipak, gilamlar va boshqa hunarmandchilik mahsulotlarining tayyorlanish jarayonlari bilan yaqindan tanishgan.
Ma’lumot o‘rnida, bungacha Prezident Shavkat Mirziyoyev qabulida Yevropa Ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha Oliy vakili Jozep Borrel, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov, Hindiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Subramanyam Jayshankar, Qozog‘iston Tashqi ishlar vaziri Muxtor Tleuberdi,Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri Rashid Meredov, Tojikiston Tashqi ishlar vaziri Sirojiddin Muhriddin hamda Qirg‘izistonning Iqtisodiyot va moliya vaziri Aqilbek Japarov bo‘lgan edi. Qabul marosimi davom etadi.
LiveBarchasi