Sergelidagi portlashda “Quruvchilar” metro bekatiga shikast yetdi
3-sahifa
−
28 Sentabr 2023
12380Bugun, 28 sentyabr kuni Toshkent shahri Sergeli tumanida sodir bo‘lgan portlash oqibatida “Quruvchilar” metro bekatiga shikast yetdi. Bu haqda “Toshkent metropoliteni” davlat unitar korxonasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, yong‘in sodir bo‘lgan hududga yaqin bo‘lgan metropolitenning Yer usti halqa yo‘li “Quruvchilar” bekatining me’moriy qismini yengil shikastlagan, ammo bu holat yo‘lovchi va poyezdlar harakatiga ta’sir ko‘rsatmagan.
“Barcha metro bekatlarida poyezdlar harakati belgilangan jadval asosida olib borilmoqda”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida “Inter Logistics” MCHJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan portlash oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etilgani haqida xabar berilgan edi.
Voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga olgan. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.
“Biz bu masalani 2-3 kun ichida hal qilamiz”, degan u.