Seregelidagi zarar tadbirkorning bo‘yniga ilinmaydi – Shavkat Umurzoqov 

Jamiyat

image

Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Sergelidagi portlashdan zararlangan ko‘p qavatli uylarni ta’mirlash ishlari bugun, 29 sentyabr kuni yakuniga qadar yakunlanishini va bunda barcha sarf-xarajatlar davlat tomonidan qoplanishini aytdi. Bu haqda hokim QALAMPIR.UZ muxbiriga bergan intervyusida ma’lum qildi. 

Umrzoqovning bildirishicha, portlash hududiga yaqin joylashgan 26 ta ko‘p qavatli binodagi 592 ta xonadon ta’mirlanmoqda. Bu jarayonning borishiga eng ko‘p xalaqit berayotgan holat – bu romlarning yetkazib berilishidagi to‘xtalishlardir. Hisob-kitoblarga ko‘ra, zararlangan hududni qayta jihozlash uchun 3,5 ming kvadrat metr hajmdagi romlar talab etiladi. Kecha, 28 sentyabr kuni ularning ming kvadrat metri yetib kelgan. 

“Bugun hududning qaysi qismida nima ish qilinishi, qayerni tozalash va ta’mirlash kerakligi kecha soat 18:00 ga qadar aniqlab olingan edi. Hozirda barcha ishlar reja bo‘yicha ketmoqda va o‘ylashimcha, bugun kechgacha barcha ishni yakunlaymiz”, deydi hokim.

QALAMPIR.UZ muxbirining “Hozirda tadbirkorlar tomonidan arzon narxlarda yetkazib berilayotgan mahsulotlarning to‘lovi davlat tomonidan to‘liq qoplab beriladimi? Barcha ishlar yakuniga yetgach, xarajatlar ularning zimmasiga yuklab qo‘yilmaydimi?” degan savollariga Toshkent shahar hokimi quyidagicha javob berdi:

“Har bitta qilinayotgan sarf-xarajatlar hukumatning maxsus komissiyasi tomonidan hisob-kitob qilib borilmoqda. Ya’ni, bu yerda tadbirkorning bo‘yniga hech narsa tushmaydi. Hatto ba’zi tadbirkorlar o‘z mahsulotini tekinga beraman deganiga ham rad javobi berilmoqda va biz ulardan mahsulotlarni sotib olyapmiz. Bu masalada jamoatchilikda har xil tushunmovchiliklar bo‘lmasligi kerak”, deydi Shavkat Umurzoqov.

Eslatib o‘tamiz, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanidagi "Quruvchilar" dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada kuchli portlash sodir bo‘ldi. Oqibatda hududdagi 26 ta ko‘p qavatli uyning 592 ta xonadoni hamda 8 ta xizmat ko‘rsatish shoxobchasi, 1 ta maktab va 2 ta MTT binolarining fasad qismi hamda deraza-romlariga zarar yetdi.

Shuningdek, portlashda 163 nafar fuqaro jabrlandi va hodisa oqibatida 2006 yilda tug‘ilgan bir nafar o‘smir voqea joyida vafot etdi. 

Favqulodda holat oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etildi va voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga oldi. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi

“Biz bu masalani 2-3 kun ichida hal qilamiz”, degan u.


Maqola muallifi

Teglar

Shavkat Umrzoqov Seregelidagi portlash

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing