Portlashdan jabrlangan aholiga 3 mahal ovqat berilmoqda – Sergeli hokimi
Jamiyat
−
28 Sentabr 2023
9007Bugun, 28 sentyabr kuni tunda Toshkent shahri Sergeli tumanida yuz bergan portlashdan jabrlangan aholiga 3 mahal ovqat tashkil qilindi. Bu haqda tuman hokimi Elbek Shukurov QALAMPIR.UZ'ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Shukurovning bildirishicha, hodisadan jabr ko‘rgan aholi doimiy nazoratga olingan va ayni damda ularga barcha zaruriy yordamlar ko‘rsatilmoqda.
“Mazkur voqeadan jabrlanganlarning salomatligini tiklash uchun hamshiralar biriktirilgan bo‘lib, ularga tibbiy xizmat ko‘rsatish bilan birgalikda, 3 mahal bepul issiq ovqat tarqatish ham tashkillashtirilgan”, deydi Elbek Shukurov.
Aytish joiz, voqea joyiga Toshkent shahar hokimi Shavkat Umrzoqov va Bosh vazir Abdulla Aripov yetib borib, holatni nazoratga olgan. Shahar hokimining ma’lum qilishicha, yetkazilgan moddiy zarar qoplab beriladi.
“Biz bu masalani 2-3 kun ichida hal qilamiz”, degan Umrzoqov.
Tarqalgan video va rasmlarda portlash to‘lqini turar-joy, tashkilotlar, maktablar va bolalar bog‘chalari binolariga turli darajadagi zarar yetkazganini ko‘rish mumkin. Tuman hokimligi matbuot xizmati ushbu holatlarni bartaraf etish bo‘yicha aholi bilan doimiy aloqada ekanligini aytib, jabrlanganlarga murojaat bilan chiqdi.
“Sergeli tumanida ro‘y bergan hodisa yuzasidan savollaringiz yoki murojaatingiz bo‘lsa, 71 210-01-63 raqami orqali Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmatiga murojaat qilishingizni so‘raymiz”, deyilgan ushbu murojaatda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Sergeli tumanidagi “Quruvchilar” dahasida "Inter Logistics" MCHJga qarashli omborxonada sodir bo‘lgan portlash oqibatlarini bartaraf etishga Milliy gvardiya otryadlari jalb etilgani haqida xabar berilgan edi.
LiveBarchasi