Toshkent hokimi Yunusoboddagi do‘konlardan birida “reyd” o‘tkazdi (video)
Jamiyat
−
08 iyul
19936Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov Yunusobod tumani “Sobirobod” mahallasida bo‘ldi va u yerdagi oziq-ovqat do‘konlaridan biridagi mahsulotlarning sifatini tekshirdi. Bu haqda Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati xabar berdi.
Matbuot xizmatining yozishicha, tashrif davomida yechimni talab qiladigan bir nechta jiddiy kamchiliklarga e’tibor qaratilgan. Bunda infratuzilmani rivojlantirishga va aholining xavfsiz harakatlanishiga to‘sqinlik qilayotgan noqonuniy qurilmalar aniqlangan.
“Ularning mavjudligi zudlik bilan aralashuvni va qonunchilikka muvofiqlashtirishni talab qiladi”, deyiladi hokimlik xabarida.
Shuningdek, mahalladagi savdo ob’ektlari sanitariya-epidemiologiya va yong‘in me’yorlariga javob bermasligi, aynigan sabzavot va mevalar sotilayotgani aniqlangan.
“Bundan tashqari, mahalla ko‘chalari chiqindi bilan ifloslanib, sanitariyaga zid sharoitlarni yuzaga keltirmoqda. Bunda axlatni belgilanmagan joylarga tashlagan aholining o‘zi ham mas’ul ekani ta’kidlandi. Bundan tashqari, chiqindilarni yig‘ish joylari yetishmaydi, bu esa muammoni yanada chuqurlashtiradi. Qurilish chiqindilari o‘z vaqtida olib ketilmayotgani hududning tashqi ko‘rinishini yomonlashtirib, harakatlanishga to‘sqinlik qilmoqda. Mahallada daraxtlarning quruq shoxlari kesilmagan, bu esa, ayniqsa, shamolli ob-havoda shoxlarning odamlarning ustiga tushishi va jarohat olish xavfini keltirib chiqaradi.
Ariqlar chiqindiga to‘la bo‘lib, drenaj tizimlarini ifloslantiradi va yog‘ingarchilik mavsumida suv to‘planishiga olib keladi. Bu suv toshqini va sanitariya sharoitining yomonlashishiga olib kelishi mumkin”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, tashrif davomida 259-sonli maktabdagi kapital rekonstruksiya jarayoni ham o‘rganilgan.
Biroq ijtimoiy tarmoqlarda hokimning do‘konda qilgan harakatlari muhokamalarga sabab bo‘lmoqda. Foydalanuvchilar va faollar hokim sotuvchiga qilgan muomalasi, mahsulotini olib qo‘pollik bilan uloqtirganini tanqid ostiga olmoqda.
LiveBarchasi