Turkiyadagi o‘zbekistonliklar diqqatiga! Kuchli reyd boshlandi
Olam
−
16:46 2763 3 daqiqa
Turkiyadagi eng ko‘p o‘zbekistonliklar yashaydigan Istanbul shahrida kecha, 4 avgust kuni xavfsizlik reydi o‘tkazildi. Bu haqda “TRT Haber” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Istanbulda o‘tkazilgan “Tinch Istanbul” (Huzur İstanbul) operatsiyasi davomida 819 kishi, jumladan, qidiruvda bo‘lgan 396 nafar gumondor ushlangan. Operatsiya doirasida 315 909 nafar shaxs tekshirilgan, ko‘plab qurol-yarog‘ va giyohvand moddalar musodara qilingan, shuningdek, yo‘l harakati qoidalarini buzganlarga 3,4 million turk lirasi miqdorida jarima solingan.
Istanbulda o‘tkazilgan “Huzur İstanbul” operatsiyasi davomida turli jinoyatlarda qidiruvda bo‘lgan 396 nafar gumondor bilan birga jami 819 kishi qo‘lga olingan.
Ma’lumot uchun, “Huzur İstanbul” – bu Turkiya Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va Istanbul politsiya boshqarmasi tomonidan shaharda jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilikning oldini olish va xavfsizlikni ta’minlash maqsadida muntazam ravishda o‘tkaziladigan keng ko‘lamli, kompleks xavfsizlik reydlari hisoblanadi.
4 avgust kuni Istanbul Jamoat xavfsizligi boshqarmasi muvofiqligida o‘tkazilgan operatsiya ikki bosqichda amalga oshirilgan.
Birinchi bosqich soat 20:00 dan 22:00 gacha 195 ta nazorat punktida 1 209 nafar xodim ishtirokida statsionar yo‘l tekshiruvlari o‘tkazilgan. Operatsiyaga politsiya vertolyoti hamda Dengiz porti boshqarmasiga qarashli 5 ta kater ham jalb etilgan. Ikkinchi bosqichda esa soat 22:00 dan 23:59 gacha 1 104 nafar xodim ishtirokida jamoat joylarida tekshiruvlar o‘tkazilgan.
Operatsiya doirasida Umumiy axborotni yig‘ish tizimi orqali 315 909 nafar shaxs tekshirilgan. Oqibatda turli jinoyatlar bo‘yicha qidiruvda bo‘lgan 396 nafar gumondor bilan birga jami 819 kishi ushlangan.
Tekshiruvlar davomida ro‘yxatdan o‘tmagan 18 ta to‘pponcha, 4 ta ov miltig‘i, 4 ta gazli to‘pponcha, 180 dona o‘q-dori, 607 gramm giyohvand modda, 618 dona giyohvandlik tabletkasi, shuningdek, giyohvand moddalar savdosidan olingani taxmin qilinayotgan 5 405 turk lirasi va 200 AQSH dollari musodara qilingan.
Huquq-tartibot xodimlari tomonidan 519 ta jamoat foydalanishidagi ob’ekt tekshirilgan, ulardan 5 tasiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
Yo‘l harakati nazoratlari davomida 41 292 ta avtomobil va 2 040 ta mototsikl tekshirilgan. Unda 2 528 ta avtomobil va mototsikl hamda 67 nafar haydovchiga nisbatan bayonnoma tuzilgan, 2 ta avtomobil esa ekspluatatsiyadan chetlashtirilgan. Qoidabuzarlik sodir etgan haydovchilarga jami 3 461 014 turk lirasi miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.
Ma’lumot uchun, o‘zbekistonliklar Turkiyada 90 kun davomida vizasiz yurish imkoniyatiga ega. 90 kundan oshgandan keyin ular mamlakatning migratsiya organlaridan ro‘yxatdan o‘tishi zarur.
Turkiyada qancha o‘zbekistonlik istiqomat qilmoqda?
O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasining QALAMPIR.UZ’ga ma’lum qilishicha, hozirda 130 mingga yaqin o‘zbekistonlik Turkiyada istiqomat qilmoqda. Ulardan 80 ming nafari mamlakatda qonuniy tarzda yashaydi. Qolgan 50 mingga yaqin fuqaro noqonuniy ravishda istiqomat qilmoqda.
Taqqoslash uchun, joriy yilning fevral oyida QALAMPIR.UZ e’lon qilgan statistikada Turkiyada 130 ming fuqaro istiqomat qilishi qayd etilgan edi. O‘sha vaqtda mamlakatda yashash huquqini olgan fuqarolar soni 60 ming kishini tashkil qilgan. Shuningdek, 70 ming nafar kishi esa noqonuniy tarzda yashagan.
Demak, Turkiyada yilning yarmiga kelib mamlakatda yashash huquqini olgan o‘zbekistonliklar soni 20 ming kishiga ortgan, noqonuniy yashovchilar soni esa naqd 20 ming nafarga kamaygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Leningrad viloyati Novosele posyolkasidagi qurilish maydonlarida migrantlarga qarshi reydlar bo‘lib o‘tgan edi.
Live
Barchasi