O‘zbekistonda 3 mingdan ortiq noqonuniy gaz ballon va 13,6 tonna gaz aniqlandi (video)

3-sahifa

−

image

O‘zbekistonda joriy yilning 19-21 oktyabr kunlari o‘tkazilgan reydlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan 3 mingdan ziyod gaz ballonlari va ularda saqlanayotgan 13 ming 636 kg suyultirilgan gaz mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, salbiy holatlarga chek qo‘yish hamda davlat tomonidan ko‘rsatilayotgan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashning manzilliligi va shaffofligini ta’minlash maqsadida Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura, Favqulodda vaziyatlar vazirligi hamda “O‘zenergoinspeksiya” xodimlari tomonidan joylarda reyd tadbirlari o‘tkazilmoqda.

Joriy yilning 19-21 oktyabr kunlari respublika bo‘yicha 120 dan ortiq holat fosh etilib, shundan 39 ta holatda gaz idoralari xodimlarining bevosita aloqadorligi aniqlandi. Tadbirlar davomida noqonuniy muomalada bo‘lgan 3 mingdan ziyod gaz ballonlari va ularda saqlanayotgan 13 ming 636 kg suyultirilgan gaz mahsuloti ashyoviy dalil sifatida olindi.

Xususan, Jizzax viloyatida jami 9 ta holatda 239 ta gaz ballon sotish maqsadida noqonuniy saqlab kelinayotganligi fosh bo‘lgan. Jumladan, muqaddam Zomin tumangaz ta’minot bo‘limida yuqori lavozimlardan birida ishlagan shaxs o‘zining qarindoshiga tegishli xonadonda 152 ta gaz ballonni yashirincha saqlab kelgan. Qo‘shni Sirdaryo viloyatida ham shu kabi holatlar aniqlanib, birgina Xovos tumangaz bo‘limi mansabdorlaridan birining uyidan hech bir hujjatlarsiz saqlanayotgan 30 dona gaz balloni olingan.

Samarqand viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbirda Urgut tumangaz to‘ldirish shoxobchasi qorovuli gaz bilan to‘ldirilgan 3 dona ballonni 2,5 mln so‘mga sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan. Viloyatning Pastdarg‘om tumanida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan. fuqaroning xonadoni ko‘zdan kechirilganda gaz bilan to‘ldirilgan 22 ta ballon borligi ma’lum bo‘lgan. Aniqlanishicha, u gaz ballonlarni tumangaz bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olib, fuqarolarga 100 ming so‘mdan sotish bilan shug‘ullangan.

Farg‘ona viloyatida ham hamkorlikdagi reyd tadbirlari o‘tkazilib, Qo‘shtepa tumangaz bo‘limi muhandisi hamda chilangari aholi uchun mo‘ljallangan 8 ta gaz ballonlarini o‘z yashash xonadonlarida noqonuniy sotish maqsadida saqlab kelayotganliklari fosh etilgan.

Mamlakatning janubiy mintaqasi hisoblangan Surxondaryo viloyatida o‘tkazilgan reyd tadbirlarida noqonuniy saqlovda bo‘lgan jami 65 ta gaz ballon tegishli tartibda hujjatlashtirilgan. Jumladan, Bandixon tumanida yashovchi 39 yoshli fuqaro tumangaz bo‘limi haydovchisidan 70 ming so‘mdan sotib olgan 32 ta gaz ballonni iste’molchilarga qimmat narxlarda sotib, mo‘may daromad topmoqchi bo‘lgan.

Navoiy viloyatining Xatirchi tumangaz bo‘limi haydovchisining uyidan ham jami 26 ta gaz balloni protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.

Bu kabi noqonuniy holatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm, Namangan va boshqa viloyatlarida ham aniqlangan.

Bildirilishicha, ushbu yo‘nalishdagi reyd tadbirlari Davlat xavfsizlik xizmati va boshqa mutassaddi idoralar hamkorligida muntazam ravishda o‘tkazib boriladi hamda qonunbuzarlarga nisbatan tegishli choralar ko‘riladi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing