Kurs UZS

USD

12 926.51

-9.17

EUR

14 092.48

-72.09

RUB

156.00

-2.8

Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Davlat maslahatchisi bilan uchrashdi

Jamiyat

image

Bugun, 18 mart kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning to‘ng‘ich qizi – Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva Qozog‘iston Respublikasi Davlat maslahatchisi Yerlan Karin bilan uchrashdi. Bu haqda Mirziyoyeva o‘z Telegram-kanalida yozib qoldirgan.

Ma’lum qilinishicha, ikki o‘rtadagi suhbat davomida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti muhokama qilingan.

“Suhbat chog‘ida aprel oyida bo‘lib o‘tadigan “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti va Orol madaniyat sammitiga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish yuzasidan fikr almashildi”, deyiladi xabarda.

Shuningdek, O‘zbekiston va Qozog‘iston muhim xalqaro tadbirlar doirasida qo‘shma tashabbuslarni ilgari surishda faol hamkorlik qilayotgani mamnuniyat bilan qayd etilgan.

“Ijtimoiy platformalarni tartibga solish sohasida muvofiqlashtirish va tajriba almashish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi”, deya yozgan Mirziyoyeva.

Uchrashuv yakunida davlatlar rahbarlari o‘rtasida erishilgan kelishuvlarni to‘liq hajmda amalga oshirish doirasida yaqin muloqotni bundan buyon ham davom ettirishga kelishib olingan.

Ma’lumot uchun,  3-4 aprel kunlari Samarqand shahrida “Markaziy Osiyo – Yevropa Ittifoqi” sammiti bo‘lib o‘tadi. Yevropa Kengashi raisi Antonio Koshta va Yevrokomissiya raisi Ursula fon der Lyayen ushbu sammitda qatnashish uchun O‘zbekistonga keladi. Tadbir O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston yetakchilari ishtirokida bo‘lib o‘tadi. 4-5 aprel kunlari esa “Silk Road Samarkand” kongress markazida birinchi Samarqand iqlim forumi bo‘lib o‘tadi. Forumda Markaziy Osiyo davlatlari, jumladan, O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston rahbarlari, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, BMT, xalqaro moliya institutlari va yetakchi ekologiya tashkilotlari vakillari ishtirok etishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, kecha, 17 mart kuni Abay nomidagi Qozog‘iston milliy opera va balet teatrida “Lazgi. Muhabbat va qalb raqsi” balet spektakli namoyish etilgandi. Ushbu spektakl namoyishida Qozog‘istonga tashrif buyurgan Prezident yordamchisi Saida Mirziyoyeva ham ishtirok etgan.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Saida Mirziyoeva “Markaziy Osiyo – Evropa Ittifoqi” sammiti

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing