Safoyev qirg‘izistonlik deputat bilan chegaradagi mojaroni muhokama qildi

Jamiyat

image

Kecha, 4 iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston-Qirg‘iziston parlamentlararo hamkorlik komissiyasi hamraisi Sodiq Safoyev Qirg‘iziston Jokorku Keneshi Torag‘asi (spikeri) o‘rinbosari, ushbu Parlamentlararo komissiya hamraisi Mirlan Bakirov bilan videomuloqot tarzida suhbatlashdi. Bu haqda Senat Matbuot xizmati xabar berdi.

Suhbat davomida ikki davlat chegarasida yuz bergan so‘nggi voqealar jiddiy xavotir uyg‘otayotgani to‘g‘risida so‘z yuritildi.

Bu vaziyatda parlament a’zolari chetda turmasligi lozimligi qayd etildi. Ular hukumat va hokimiyatning mahalliy vakillik organlari bilan birgalikda bu borada har tomonlama ko‘maklashish, chegaradosh tumanlarda barqaror holatni mustahkamlash yuzasidan faol ish olib borishi lozim.

Shu munosabat bilan tez orada Parlamentlararo hamkorlik komissiyasining navbatdagi majlisini o‘tkazish taklif etildi.

O‘z navbatida, Qirg‘iziston parlamenti spikeri o‘rinbosari, Parlamentlararo hamkorlik komissiyasi hamraisi Mirlan Bakirov ikki tomonlama munosabatlarning hozirgi jihatlarini yuksak baholashi va qadrlashini ta’kidladi. “Yangi ahamiyat kasb etgan hamkorligimizni ko‘z qorachig‘imizdek asrashimiz kerak”, dedi u.

Bundan tashqari, Mirlan Bakirov ro‘y bergan voqea xususida parlament diplomatiyasi va mahalliy hokimiyat vakillik organlari resursidan foydalanish muhimligini qo‘llab-quvvatladi.

Tomonlar O‘zbekiston va Qirg‘iziston parlamentlararo muloqot ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida ishonchni mustahkamlashga xizmat qilishini ta’kidladi.

Suhbat chog‘ida ikki mamlakat rahbarlari tomonidan olib borilayotgan siyosat va O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning shaxsiy sa’y-harakatlari natijasida ikki tomonlama hamkorlik sifat nuqtai nazardan yangi pog‘onaga ko‘tarilganligi qayd etildi. Erishilgan hamkorlikning yangi darajasi, ayniqsa, pandemiya sharoitida o‘zaro ko‘rsatilgan yordam tufayli yaqqol namoyon bo‘lganligi ta’kidlandi.

Suhbat yakunida tomonlar ikki mamlakat o‘rtasida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha muntazam muloqotni davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Eslatib o‘tamiz, 31 may kuni O‘zbekiston va Qirg‘iziston chegara hududidagi aholi o‘rtasida Chashma bulog‘ining suvidan foydalanish ustida mojaro kelib chiqdi. Ikki o‘rtadagi janjalda O‘zbekistondan 187 kishi yaralangan, Qirg‘izistondan 25 kishi jabrlangan. Bir nechta uyga o‘t qo‘yib yuborilgan.

Yuz bergan to‘qnashuv bo‘yicha O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Bosh vazirining birinchi o‘rinbosari Kubatbek Boronov uchrashuv o‘tkazib, tergov harakatini birgalikda olib borishga kelishib oldi.

Muzokaradan keyin Aripov so‘xliklar bilan uchrashuvda Qirg‘iziston vakilidan Rishton-So‘x koridorini ochish masalasini ko‘rib chiqishni so‘raganini ma’lum qildi.

Ammo keyin qirg‘izistonlik deputat O‘zbekistonning o‘z anklavi bilan bog‘lanishi uchun hech qachon imkon berilmasligini, bu masalani Qirg‘iziston o‘zi hal qilishini aytib chiqdi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Qirg'iziston So'x

Baholaganlar

129

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing