Sadir Japarov Qirg‘iziston Bosh vaziri lavozimiga tasdiqlandi
Olam
−
10 Oktabr 2020
11596Bugun, 10 oktyabr kuni Qirg‘iziston Jo‘qorg‘i Keneshi deputatlari Bosh vaziri lavozimiga Sadir Japarov nomzodini tasdiqladi.
Parlament yig‘ilishida Sadir Japarov avval o‘z dasturini taqdim etgan. Ovoz berish vaqtida hech bir deputat uning nomzodiga qarshi ovoz bermagan. Ahamiyatlisi u 4 oktyabr kuni boshlangan namoyishlar vaqtida qamoqxonadan ozod qilingandi.
Ma’lumot uchun, parlament yig‘ilishida spiker Miktibek Abdildayev iste’fosini e’lon qildi. Sadir Japarov deputatlarga Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov iste’fo berish niyatida ekanini ma’lum qildi.
Agarda Prezident iste’fo bersa, uning vazifasini vaqtinchalik Jo‘qorg‘i Kenesh spikeri bajarib turadi. Ammo spiker ham saylanmagan bo‘lsa, bu vazifani vaqtincha bajarish Bosh vazirga yuklatiladi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi. Jumabekov o‘rnini Miktibek Abdildayev egalladi. Boronv o‘rniga Japarov nomzodi ko‘rsatildi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi