Sadir Japarov Qirg‘iziston Bosh vaziri lavozimiga noqonuniy tasdiqlangani aytildi
Olam
−
12 Oktabr 2020
10862Qirg‘iziston parlamenti – Jo‘qorg‘u Keneshning birinchi vitse-spikeri Aida Kasimaliyeva kvorum va o‘tkazish shartlari yo‘qligi sababli Bosh vazir nomzodi tasdiqlangan navbatdan tashqari sessiyani tan olib bo‘lmasligini ma’lum qildi.
“Deputatlarning 10 oktyabrda o‘tgan yig‘ilishini unda konstitutsiya tomonidan talab qilinuvchi sondagi ishtirokchilar va uni o‘tkazish uchun sharoitlar bo‘lmagani sababli parlament yig‘ilishi sifatida tan olib bo‘lmaydi”, deydi deputat.
Vitse-spiker Kasimaliyeva sessiyada qabul qilingan qarorlar qonuniy kuchga ega emasligini ta’kidlamoqda.
“Agar biror kim yig‘ilishda qabul qilingan hujjatlarni Jo‘qorg‘i Keneshning rasmiy qarorlari sifatida imzolasa, unda bu hokimiyatni egallashga urinish deb baholanadi”, degan Jo‘qorg‘u Kenesh vitse-spikeri.
U Japarovning Bosh vazirlik sifatidagi qarorlari yuridik kuchga ega emasligin qo‘shimcha qilgan. Deputat Hukumat a’zolarini o‘z vazifasini bajarishda davom etishga chaqirdi. Kasimaliyevaning ma’lum qilishicha, parlament yig‘ilishini o‘tkazish vaqti va joyi borasida muhokamalar o‘tkazilyapti. Unda Hukumat ham shakllantiriladi.
Kasimaliyeva Jo‘qorg‘u Keneshning iste’foga chiqqan spikeri Dastan Jumabekovning vakolatlari o‘ziga o‘tishini ham qo‘shimcha qilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 10 oktyabr kuni Bishkekda o‘tkazilgan parlament yig‘ilishida Sadir Japarov nomzodi Bosh vazir lavozimiga tasdiqlangandi. Yig‘ilishda Qirg‘iziston Prezidenti Sooronbay Jeenbekov ham tez orada iste’foga chiqish niyatida ekani aytilgandi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi