Jeenbekov iste’foga chiqsa, Prezident vakolatlari kimga o‘tadi?
Olam
−
11 Oktabr 2020
16125Qirg‘izistondagi siyosiy inqiroz va beqaror vaziyat hali tin olgani yo‘q. Ayni vaqtda ushbu holat Prezident kursisini ham tebratmoqda. Kuzatuvchilarda esa bir savol tug‘ilmoqda: agar amaldagi davlat rahbari Sooronbay Jeenbekov o‘z lavozimidan iste’fo bersa, davlatni kim boshqaradi, uning vakolatlari kimga o‘tadi?
Qirg‘iziston parlamenti vitse-spikeri Mirlan Bakirovning ta’kidlashicha, agar davlat rahbari Sooronbay Jeenbekov iste’foga chiqsa, Qirg‘izistonning yangi bosh vaziri Sadir Japarov prezident vazifasini bajaradi
"Prezident iste’foga chiqarilgan taqdirda, Konstitutsiyaga muvofiq, uning vazifalarini parlament spikeri bajarishi kerak edi, ammo u ham iste’foga chiqqani sababli vakolatlar Bosh vazirga o‘tadi", deydi u.
Kecha, 10 oktyabr kuni Qirg‘iziston parlamenti deputatlari Sadir Japarovni mamlakatning yangi Bosh vaziri etib tasdiqlashdi. U Prezident Jeenbekov bilan suhbatda bo‘lganiga ishontirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Jeenbekov Japarov Bosh vazir lavozimiga tasdiqlangach, lavozimini tark etishga va’da bergan.
Parlament kecha o‘tgan sessiyasida 6 oktyabr kuni "Bir bo‘l" (Birlik) partiyasidan spikerlikka saylangan Miktibek Abdildayev iste’foga chiqdi va Bakirov raislikni boshladi.
Japarov nomzodi respublikada 5 oktyabrdan beri davom etayotgan tartibsizliklar va noroziliklar fonida ilgari surilgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 4 oktyabr kuni Qirg‘izistonda navbatdagi parlament saylovlari bo‘lib o‘tdi. Saylovning dastlabki natijasidan norozi partiyalar tarafdorlari Bishkekda norozilik namoyishini boshladi. Keyinroq namoyish tartibsizlikka aylanib ketdi.
Namoyishchilar avvalo mamlakat parlamenti binosi – Oq uyni egalladi. Bu binoda Prezident Administratsiyasi ham joylashgan. 6 oktyabr ertalab Hukumat binosi ham namoyishchilar qo‘liga o‘tgani ma’lum bo‘ldi.
Bundan tashqari, aksiya ishtirokchilari Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi binosiga bostirib kirib, u yerda saqlanayotgan sobiq Prezident Almazbek Atamboyevni ozod qildi. Shuningdek, siyosiy mahbuslardan sobiq Bosh vazir Sapar Isakov ham qamoqdan chiqarildi. Ozod qilinganlar orasida Bishkek shahrining sobiq meri Albek Ibraimov ham bor.
Prezident Sooronbay Jeenbekov yuz berayotgan tartibsizliklar bo‘yicha bayonot berib, ba’zi siyosiy kuchlar davlat hokimiyatini noqonuniy ravishda egallab olishga uringanini aytib o‘tdi.
Namoyishlar avj olgan pallada Markaziy saylov komissiyasi saylov natijalarini tan olmaslik haqida qaror qabul qildi.
Hozirgacha Jo‘qorg‘u Kenesh spikeri Dastan Jumabekov va mamlakat Bosh vaziri Kubatbek Boronov iste’foga chiqdi.
O‘zbekiston qo‘shni Qirg‘izistonda yuz berayotgan voqealarga munosabat bildirib, jiddiy tashvishda ekanini bildirdi.
LiveBarchasi