Saakashvili Gruziya yerlarini Ozarbayjonga berganlikda ayblanmoqda
Olam
−
15 Oktabr 2021
5409Gruziyaning sobiq Prezidenti Mixail Saakashvili Gruziya hududining go‘yoki noqonuniy ravishda Ozarbayjonga topshirilgani haqida ko‘rib chiqilayotgan “kartograflar” ishi bo‘yicha sudga tortilishi mumkin. Bu ishda ayblanuvchilardan biri, kartograf Iveri Melashvili shunday fikrda.
Uning o‘zi “kartograflar ishi”ni absurd, chunki unda jinoyat tarkibi yo‘q, deb hisoblaydi.
“Ism va familiyasidan qat’i nazar, bu ish bilan har qanday aloqasi bor har bir odam, albatta, so‘roq qilinadi. Bu Mixail Saakashvili bo‘lishi ham istisno qilinmaydi”, degan prokuror Mixail Saralidze.
O‘tgan yilning oktyabr oyida “kartograflar” ishida Gruziya Tashqi ishlar vazirligi xodimi Iveri Melashvili va Gruziya Ichki ishlar vazirligi xodimi Natalya Ilichova hibsga olingan.
Ular Saakashvili hukmronligi davrida Gruziya va Ozarbayjon o‘rtasidagi chegarani o‘rnatishda 1938 yildagi emas, balki 1970 yildan 1980 yilgacha amal qilgan xaritadan foydalanganlikda ayblangan, bu esa chegarani, xususan, Gruziyaning
David Gareja monastir majmuasi joylashgan tumanidagi hududning bir qismining noto‘g‘ri taqsimlanishiga olib kelgan. Natijada 3,5 ming gektar yer Ozarbayjon tomoniga o‘tgan.
Sudda ayblanuvchilar 1938 yilgi xarita ko‘plab topografik belgilarni hisobga olmagan holda, professional bo‘lmagan tarzda tuzilgan deb bahslashgan. Bundan tashqari, o‘sha paytda Gruziya tomonida xaritaning asl nusxasi bo‘lmagan.
Sud qaroriga ko‘ra, 2021 yil yanvar oyida Melashvili va Ilichova garov evaziga ozod qilingan. “Kartograflar” ishi bo‘yicha sudya o‘zgargani munosabati bilan sud jarayoni qayta tiklangan.
Avvalroq, hozir qamoqda saqlanayotgan Mixail Saakashvilining tarafdorlari mamlakat poytaxti Tbilisi markazida keng ko‘lamli miting o‘tkazgani haqida xabar bergandik.
Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Ukraina fuqarosi hisoblangan Mixail Saakashvili joriy yilning sentyabr oyi oxirida vatani – Gruziyaga qaytdi va oktyabr oyi boshida hibsga olindi. Unga nisbatan o‘z vatanida bir necha moddalar bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani va qidiruvga berilgani sabab qo‘lga olingan.
O‘z navbatida, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy mamlakat fuqarosi o‘zga yurtda hibsga olingani haqidagi xabardan xavotirda ekanini ma’lum qilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Mixail Saakashvili 2004-2013 yillarda Gruziya Prezidenti bo‘lgan. Prezidentlik muddati tugashiga oz vaqt qolganida u mamlakatni tark etgan. Shundan so‘ng, unga nisbatan to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ulardan ikkitasi bo‘yicha 2018 yilda hukm chiqarilgan:
- Tbilisi shahar sudi Saakashvilini 2006 yilda Gruziya Birlashgan banki xodimi Sandro Girgvlianining o‘ldirilishida sirtdan uch yilga ozodlikdan mahrum qilgan;
- o‘sha yilning iyun oyida sud 2005 yilda deputat Valeriy Gelashvilining kaltaklanishi ishi bo‘yicha sobiq Prezidentni olti yilga ozodlikdan mahrum qilgan.
LiveBarchasi