Rossiyaning Ukrainadagi harbiy operatsiyasini qabul qilib bo‘lmaydi – Erdo‘g‘an

Olam

image

Turkiya yana bir bor Rossiya va Ukrainani Minsk kelishuvlari doirasida barcha qarama-qarshiliklarni muloqot orqali hal qilishga chaqiradi. Bu haqda bugun, 24 fevral kuni Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an ma’lum qildi. 

Davlat rahbari Turkiya Rossiyaning Ukrainaga qarshi harbiy operatsiyasini rad etishini va qabul qilinishi ham mumkin emasligini urg‘ulagan. 

Turkiya rahbari, Anqara Rossiya va Ukrainani yaqin siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy aloqalarga ega bo‘lgan do‘st davlatlar deb bilishini ta’kidlagan. 

“Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi qarama-qarshilik bizni chin dildan afsuslantiradi”, deydi Turkiya rahbari. 

Erdo‘g‘an Turkiya Kiyevning hududiy yaxlitligini himoya qilish uchun olib borayotgan kurashini qo‘llab-quvvatlashini aytgan, “bu haqda u bugun Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyga telefon orqali muloqotda ma’lum qilgan”. 

“Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi xalqaro huquq normalariga ziddir va mintaqadagi tinchlik va barqarorlikka jiddiy zarba beradi”, dedi Turkiya rahbari. 

Shuningdek, davlat rahbari Rossiya bosqini ostida qolayotgan Ukrainaga har tomonlama yordam berishga tayyor ekanini ma’lum qilgan.

“Biz Turkiya fuqarolari, qardosh Qrim-tatar xalqi va Ukrainada yashovchi barcha fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun zarur sa’y-harakatlarni amalga oshirishga tayyormiz”, deydi Erdo‘g‘an.

Ma’lumot uchun, joriy yilning 2 fevral kuni Erdo‘g‘an Kiyevga borib, Zelenskiy bilan yopiq eshiklar ortida muloqot o‘tkazib qaytdi. Ushbu uchrashuvda Ukrainada Turkiya bilan hamkorlikda “Bayraktar” uchuvchisiz havo vositalarini ishlab chiqarish kengaytirilishiga kelishildi

Uchrashuvlar yakunida OAVga bayonot bergan Erdo‘g‘an Turkiyaning Ukraina, jumladan Qrimning hududiy yaxlitligi va davlat suverenitetini qo‘llab-quvvatlash masalasidagi pozitsiyasi o‘zgarmas bo‘lib qolayotganini urg‘ulagan

Ukrainadan qaytishda jurnalistlar bilan muloqot qilgan Erdo‘g‘an, Agar Rossiya Kiyev bilan keskinlikni kamaytirishda Turkiyaning vositachiligini ma’qullasa va Vladimir Putin Ukraina Prezidenti bilan uchrashuv taklifini qabul qilsa, Zelenskiy o‘sha zahoti Turkiya rahbari aytgan joyga yetib kelishga tayyorligini bildirdi. Biroq Putin ushbu ushrashuv taklifiga javob bergani yo‘q. 

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.

Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirganini ma’lum qildi.

LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev esa Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi. 

Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. 

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

130

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing