Rossiyaning taqiqlari JSTga a’zolikni tezlashtirish kerakligini eslatadi – Bekmurodov

Jamiyat

image

Xabaringiz bor, shu kunlarda “Rosselxoznadzor” tomonidan O‘zbekistonda yetishtiriladigan bir qancha qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Rossiya hududiga olib kirish bo‘yicha ketma-ket taqiqlar o‘rnatilmoqda. Xo‘sh, bu O‘zbekistonning iqtisodiyotiga, eksport hajmiga qanday ta’sir o‘tkazadi? Bu haqda “Yuksalish” umummilliy harakati raisi – Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.

Unga ko‘ra, har xil vajlar bilan O‘zbekistonda yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining importiga taqiq qo‘yilishi mamlakat eksport hajmiga jiddiy ta’sir o‘tkazmaydi.

“Rosselxoznadzor” tomonidan virus aniqlanganligi vaji bilan Farg‘ona, Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida yetishtirilgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga import taqiqining qo‘yilishi respublika eksport hajmlariga jiddiy ta’sir o‘tkazmaydi”, deb yozadi Bekmurodov.

“Yuksalish” raisiga ko‘ra, kun tartibida turgan ushbu masala O‘zbekistonning yillar davomida ortga surib kelinayotgan, ammo iqtisodiy imkoniyatlarini shubhasiz oshirishi mumkin bo‘lgan qat’iy qadami – Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishini teklashtirish kerakligini anglatadi. 

“Ammo, bugun dunyodagi geosiyosiy va geoiqtisodiy jarayonlar o‘zgaruvchan xarakterga ega. Bunday harakatlar tashqi bozorlarimizni diversifikatsiyalashga jiddiy e’tibor qaratish va Jahon savdo tashkilotiga a’zolikni tezlashtirish lozimligini yana bir bor eslatmoqda”, deb yozadi deputat.

Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va Senati O‘zbekistonning Rossiya boshchiligidagi YeOIIga kuzatuvchi sifatida a’zo bo‘lishini ma’qullagan.  Rossiya Sanoat va savdo vazirligi departament direktori Mixail Anisimov O‘zbekiston dekabr oyida Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqida (YeOII) kuzatuvchi-davlat maqomini olishini ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvaliga joriy yilning 26 noyabr kuni Rossiya Farg‘ona viloyatida yetishtirilgan pomidor va qalampir mahsulotlarini mamlakat hududiga kiritishni taqiqladi. Shundan so‘ng, mahsulotlarda virus aniqlandi, degan vaj bilan “Rosselxoznadzor” Qashqadaryoda yetishtirilgan ikki turdagi mahsulot – pomidor va qalampirning Rossiya hududiga olib kirilishiga taqiq o‘rnatdi. Shuningdek, Rossiya O‘zbekistondan kelgan quritilgan o‘rik partiyasida xapra qo‘ng‘izi aniqlangani sababli, Farg‘ona viloyatidan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlarini olib kirishni taqiqlagan. 4 dekabr kuni Navoiy viloyatidan keltiriladigan pomidorlarning importiga ham taqiq o‘rnatilgan.


Maqola muallifi

Teglar

JST EOII Bekmurodov

Baholaganlar

271

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing