Rossiyaning mavjudligi xavf ostida – Medinskiy
Olam
−
25 mart 2022
23717Bugungi kunda Rossiyaning mavjudligi xavf ostida turibdi. G‘arb davlatlari mamlakatni o‘z siyosiy tizimini yo‘q qilishga undamoqda. Bu haqda Rossiya Prezidentining yordamchisi Vladimir Medinskiy tarixiy ta’lim bo‘yicha idoralararo komissiyaning ikkinchi yig‘ilishida ma’lum qildi.
“Men hozirgiga o‘xshash holat tarixda ko‘p bo‘lmaganini ko‘ryapman. Qiyinchiliklar vaqti, 1917 yil fevral arafasi, 1989 yil — SSSR parchalanishida bo‘lgan. Kollektiv G‘arb bizni shu tomon, ya’ni siyosiy tuzumni vayron qilish, mamlakatni vayron qilish sari undamoqda”, deydi Medinskiy.
Shuningdek, u Madaniyat vazirligini boshqargan paytda davlat puli evaziga tayyorlangan asarlarda rus tarixini qoralash amaliyotini oxirigacha yengib o‘ta olmaganini tan oldi. Unga ko‘ra, rus tarixini qoralaganlar xoinlardan ham yomonroqdir.
Medinskiyning ta’kidlashicha, Rossiya telekanallari hozirgi sharoitda ko‘ngilochar dasturlar sonini kamaytirishi va ularni tarixni buzib ko‘rsatmaydigan filmlar bilan almashtirishi kerak. Ko‘ngilochar dasturlar o‘rniga yaxshi sovet, rus va chet el kinosini ko‘rsatish lozim.
“Rossiya tarixini, jumladan, G‘alaba kunini qoralovchi filmlar suratga olish uchun davlat pulidan foydalanganlar xoinlardan ham battarroqdir”, deydi u.
Rossiya-Ukraina urushi
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.
Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
LiveBarchasi