Rossiyaga yon berishning oqibatiga qarang – Zelenskiy Merkel va Sarkozini Buchaga taklif qildi

Olam

image

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Germaniyaning sobiq kansleri Angela Merkel va Fransiyaning sobiq Prezidenti Nikolya Sarkozini Buchaga tashrif buyurishga va 14 yil ichida Rossiyaga yon berish siyosati nimalarga olib kelganini ko‘rishga taklif qildi. Bu haqda u videomurojaatida aytgan.

“Bugun Buxarestdagi NATO sammitining o‘n to‘rt yilligi. O‘shanda Ukrainani Sharqiy Yevropadagi “kulrang zona”dan chiqarish imkoniyati bor edi. NATO va Rossiya o‘rtasidagi “kulrang zona”dan. Moskvada bu yerda hamma narsaga ruxsat berilgan deb o‘ylaydigan kulrang zonadan. Hatto eng dahshatli urush jinoyatlariga ham. 2008 yildagi Ukraina go‘yo NATOga a’zo bo‘lishi mumkinligi haqidagi optimistik diplomatik bayonotlar ortida, Ukrainani Ittifoqqa qabul qilishdan bosh tortish yashiringan edi. Ba’zi siyosatchilarning Rossiya oldidagi kulgili qo‘rquvi yashiringandi. Ular Ukrainadan voz kechish Rossiyani tinchlantiradi deb o‘ylashgan. Ular uni (Rossiyani) Ukrainani hurmat qilishga va yonimizda normal yashashga ishontira oladi (deb o‘ylagan)”, degan Prezident.

Zelenskiy o‘sha noto‘g‘ri hisob-kitobdan 14 yil o‘tib, Ukraina inqilobdan va Donbassdagi sakkiz yillik urushdan omon qolganini ta’kidlab, hozir ukrain xalqi Yevropada Ikkinchi jahon urushidan keyingi eng dahshatli urushda hayot uchun kurashayotganini urg‘uladi.

“Men Merkel xonim va janob Sarkozini Buchaga tashrif buyurishga va 14 yil davomida Rossiyaga yon berish siyosati nimalarga olib kelganini ko‘rishga taklif qilaman. Qiynoqlarga uchragan ukrainaliklarni o‘z ko‘zlari bilan ko‘rish uchun”, degan u.

Zelenskiy Ukraina G‘arbni Rossiyaning harbiy jinoyatlarida ayblamasligini ta’kidlagan.

“Biz xalqimizga qarshi buni qilgan aniq rus harbiylaridan tashqari hech kimni ayblamaymiz. Ularga buyruq berganlardan ham tashqari. Lekin biz qat’iyatsizlik haqida gapirishga haqlimiz. Bunday Buchaga, Gostomelga Xarkovga, Mariupolga yo‘l qanday bo‘lgani haqida. Bizda hech qanday qaror yo‘q. Biror blokdp bo‘lishimiz yoki bo‘lmasligimizdan qat’iy nazar, biz bir narsani tushunamiz: biz kuchli bo‘lishimiz kerak. 14 yil oldin Buxarestda Rossiya rahbari G‘arb rahbarlariga Ukraina degan davlat yo‘qligini aytgandi. Biz esa shunday davlat borligini isbotlaymiz. U bo‘lgan va bo‘ladi ham”, degan davlat rahbari.

Eslatib o‘tamiz, Ukraina rasmiylari Kiyev viloyatining rossiyaliklar tashlab ketgan Bucha shahrida ko‘plab tinch aholi vakillari qiynoqlar bilan o‘ldirilgani haqida xabar bera boshladi. Shaharda yuzlab odamlar vahshiylik qurboni bo‘lgani aytilmoqda.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin Bucha qirg'ini

Baholaganlar

38

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing