Rossiyada Aleksey Navalniyga qarshi jinoyat ishi ochildi
Olam
−
30 dekabr 2020
7059Rossiyalik muxolifatchi Aleksey Navalniyga turli jamg‘armalarga, jumladan, u asos solgan Korrupsiyaga qarshi kurash fondidan shaxsiy maqsadlari uchun 356 mln rubl sarflagani uchun firibgarlikda ayblanyapti. Rossiya Tergov qo‘mitasi unga nisbatan jinoyat ishi ochdi. Bu haqad qo‘mita vakili Svetlana Petrenko ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, tashkilotning tergov bosh boshqarmasi xodimlari Navalniyga qarshi yangi jinoiy ish ochish uchun yetarli dalillarni yig‘ishgan.
Ma’lum qilinishicha, Navalniy nafaqat Korrupsiyaga qarshi kurash fondi, balki bir qator nodavlat tashkilotlarning, shu jumladan, “Beshinchi mavsum” ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, Fuqarolarning huquqlarini himoya qilishni tashkil etish va muvofiqlashtirish jamg‘armasi, Fuqarolarni huquqiy qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi, “SHTAB” fuqarolar huquqlarini himoya qilish jamg‘armasining haqiqiy rahbari bo‘lgan.
Tergov qo‘mitasiga ko‘ra, Navalniy fuqarolardan pul yig‘ib, xorijda dam olish, shaxsiy mulk va boshqa qimmatliklar sotib olishga 356 mln rubldan ortiq mablag‘ sarflagan.
Ayni vaqtda gumonlanuvchi Germaniyada bo‘lib turibdi.
Eslatib o‘tamiz, muxolif siyosatchi Aleksey Navalniy joriy yilning 20 avgust kuni samolyotda Tomskdan Moskvaga ketayotganda tobi qochib, Omskdagi shifoxonaga yotqizildi. Unga nima bo‘lgani noma’lum bo‘lib turgan vaqtda, siyosatchining tarafdorlari Navalniy zaharlanganini iddao qildi.
Ular Navalniyni Germaniyaga olib ketish harakatiga tushganda Omskdagi shifokorlar bunga ruxsat bermadi. Oradan ikki kun o‘tib esa, Navalniyni istalgan shifoxonaga ko‘chirish mumkinligini aytishdi va siyosatchi Berlinga olib ketildi. Bu hol ham muxolifatchi tarafdorlarida shubha uyg‘otdi va ishga Kreml aralashgani gumon qilindi.
Germaniyada tekshiruvdan o‘tkazilgach, u zaharlangani ma’lum bo‘ldi. GFR Hukumati siyosatchi asab tizimini falajlovchi “Novichok” guruhiga kiruvchi modda bilan zaharlanganini aytdi. Germaniya kansleri Angela Merkel Navalniyning zaharlanishi bo‘yicha Rossiyadan hisob so‘radi. Uning talabini Fransiya, Buyuk Britaniya va AQSH ham qo‘lladi. Yevropa parlamenti esa Navalniy bilan yuz bergan holat bo‘yicha sanksiyalar joriy qilish haqida rezolyutsiyani tasdiqladi.
14 sentyabr kuni Navalniy o‘ziga keldi va sun’iy nafas oldirish apparatidan uzildi. Ertasi kuni u zaharlanganidan keyingi ilk suratini ijtimoiy tarmoqqa joyladi.
Ahamiyatli tomoni, “The New York Times” gazetasining GFR xavfsizlik xizmatidagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, Navalniy Germaniyada qolmoqchi emas. U sog‘aygach, Rossiyaga qaytib, o‘z missiyasini davom ettirish niyatida.
Nemis nashrlari Navalniyning zaharlanishi ortida Rossiya razvedkasi borligini yozmoqda. Shuningdek, “Reuters” agentligi Navalniyning Omskdagi shifoxonadan ketishi bevosita Kreml ruxsat berganini ma’lum qildi. Agentlik Omskdagi shifoxonaga yaqin manba bilan suhbatlashgan. U shifokorlarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri Kremldan qo‘ng‘iroq bo‘lganini aytgan.
Navalniyning safdoshlari esa Tomskda u qolgan mehmonxona xonasidan “Novichok”ning izi bor suv idishi topgan. Zaharni Germaniya mutaxassislari aniqlagan.
Bu orada Rossiya Navalniy bilan bog‘liq barcha ayblovlarni rad qilyapti. Kremldagilar uning zaharlanganini ham yolg‘on deb atashmoqda. Aksincha, RF G‘arb davlatlari va NATO “Novichok” guruhiga kiruvchi zaharli moddani tayyorlashga muvaffaq bo‘lgan deb, ularni aybladi.
Rossiya zaharlanishni inkor qilib turgan bir vaqtda Kimyoviy qurollarni taqiqlash tashkiloti mutaxassislari rossiyalik muxolif siyosatchi Aleksey Navalniyning qonida zaharli modda borligini tasdiqladi.
LiveBarchasi