Rossiya janubidagi 11 ta aeroport vaqtincha yopildi
Olam
−
24 fevral 2022
8263Bugun, 24 fevral kuni Ukraina atrofidagi vaziyatning murakkablashishi munosabati bilan Rossiya janubidagi 11 ta aeroport faoliyati 2 martga qadar to‘xtatildi. Bu haqda Federal havo transporti agentligi Matbuot xizmati xabar berdi.
“Rosaviatsiya”ga ko‘ra, Rostov (Platov), Krasnodar (Pashkovskiy), Anapa (Vityazevo), Gelendjik, Elista, Stavropol, Belgorod, Bryansk, Orel, Kursk, Voronej, Simferopol aeroportlari ish faoliyatini to‘xtatgan.
Cheklov 2 mart kuni Moskva vaqti bilan 03:45 gacha amal qiladi.
“Rossiya aviatsiya ma’muriyati keyingi reyslarda yo‘lovchilar va odamlarni kutib olish uchun aeroportlarga kelishni qat’iyan ta’qiqlaydi”, deyiladi agentlik xabarida.
Mahalliy ommaviy axborot vositalariga ko‘ra, Sochi aeroportida beshta reys kechiktirilgan, aeroport samolyotlarni qabul qiladi va chiqaradi, parvozlarning vaqtinchalik to‘xtatilishi bunga ta’sir qilmagan.
“Rossiya aviatsiya ma’muriyati qarori bilan Rossiya janubidagi bir qator aeroportlar, jumladan, Krasnodar, Sochi va Anapaga parvozlar 24 fevral soat 04:47 dan 25 fevral 00:00 ga qadar vaqtincha to‘xtatildi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, parvoz zonasi fuqarolik samolyotlari va yo‘lovchilar uchun xavfli deb topilgan.
Avvalroq, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari maxsus harbiy operatsiya boshlaganini e’lon qilgandi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Ukraina IIV maslahatchisi esa Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirilganini ma’lum qildi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.
So‘ngra, Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi.
O‘zbekistonning Kiyevdagi elchixonasi tomonidan evakuatsiya rejasi va Ukraina hududini tark etishni xohlovchi fuqarolar ro‘yxati ishlab chiqilmoqdaligi ma’lum qilindi.
Ukraina havo hududi yo‘lovchi havo kemalari qatnovlari uchun yopilishi munosabati bilan “Uzbekistan Airways” AJ Kiyevga parvozlarni bekor qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH Prezidenti Jo Bayden ayrim shaxslarning mulkini bloklash va ayrim operatsiyalarni taqiqlovchi farmon qabul qildi. Hujjat DXR va LXRga sarmoya kiritishni, shuningdek, ushbu mintaqalardan har qanday tovarlar, xizmatlar yoki texnologiyalarni Qo‘shma Shtatlarga import qilishni taqiqlaydi.
Bundan tashqari, ushbu farmon o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan respublikalarda harakat qilishga qaror qilgan har qanday shaxsga nisbatan jazo choralarini qo‘llash imkonini beradi.
Qo‘shma Shtatlarda joylashgan yoki keyinchalik AQSHga kiradigan, DXR va LXR bilan bog‘liq shaxslarga tegishli bo‘lgan barcha mulk va mulkdagi ulushlar bloklanadi.
Shuningdek, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
LiveBarchasi