Rossiya va Ukraina maktablardan o‘z bazasi sifatida foydalanyapti – BMT 

Olam

image

Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi tinch aholining o‘limiga, maktablar, shifoxonalar va turar-joy binolarining vayron bo‘lishiga olib keldi. Bu haqda BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi rahbari Matilda Bogner ma’lum qildi. 

O‘tgan hafta Bogner va uning hamkasblari joriy yil mart oyi oxirigacha Rossiya Qurolli Kuchlari nazoratida bo‘lgan Ukraina shaharlariga tashrif buyurgan. U boshchiligidagi BMTning Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi 24 fevraldan beri sodir etilgan xalqaro gumanitar huquq va inson huquqlarining barcha buzilishlarini hujjatlashtiradi. 

“Tinch aholi qurbonlari sonining ko‘pligi va fuqarolik ob’ektlariga yetkazilgan vayronagarchilik va zarar ko‘lami jangovar harakatlarni amalga oshirish tamoyillari buzilganini yaqqol ko‘rsatib turibdi”, degan missiya rahbari.

BMT monitoring missiyasi rahbari keng tarqalgan vayronagarchilik haqida gapirgan va “har ikki tomon harbiy kuchlari maktablardan o‘z bazalari sifatida foydalanishi va maktablar yaqiniga og‘ir harbiy texnikani joylashtirufyb” haqida ta’kidlagan. Bognerning aytishicha, u borgan Ukrainaning ko‘plab shaharlarida maktablar, shifoxonalar, xususiy uylar va ko‘p qavatli turar-joy binolari vayron bo‘lgan. 

Missiya yuzlab ta’lim va tibbiyot muassasalarining vayron bo‘lgani yoki zarar ko‘rganini hujjatlashtirgan. 

“Biz ko‘p hududlarda har ikki tomonning qurolli kuchlari maktablardan o‘z bazalari sifatida foydalanishi va maktablar yaqinida og‘ir harbiy texnikani joylashtirishi haqida ma’lumot olganimizni xavotir bilan qayd etamiz”, degan BMT eksperti. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina bo‘ylab jangovar harakatlar natijasida kamida 50 ta xristian, yahudiy va musulmon diniy binolari zarar ko‘rgan. Ta’kidlanishicha, kuchli janglar davom etayotgan hududlarda odamlar tibbiy yordam olish imkoni bo‘lmagani uchun halok bo‘lgan. 

Qayd etilishicha, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Ukrainadagi Inson huquqlari monitoringi missiyasi “zo‘rlash, jumladan, guruh bo‘lib zo‘rlash, tinch aholi ayollari va qizlari, erkaklar va o‘g‘il bolalarga nisbatan jinsiy zo‘ravonlik tahdidi” haqidagi xabarlarni olishda davom etmoqda. Umuman olganda, Bognerga ko‘ra, jinsiy zo‘ravonlik qurbonlari, ularning oilalari va do‘stlari stigmatizatsiya qo‘rquvi tufayli sodir bo‘lgan voqea haqida gapirishni istamaydi. 

“Vaqt o‘tishi bilan bu qonunbuzarliklar ko‘lami aniq bo‘ladi”, degan BMT vakili. 

Bognerning aytishicha, missiya Rossiya harbiy kuchlari tinch aholini, asosan yoshlarni hibsga olgan bir necha holatlarni hujjatlashtirgan. Aytilishicha, ular Belarusga, keyin esa Rossiyaga olib ketilgan va u yerda tergov izolyatorlariga joylashtirilgan. 

BMT vakili Ukraina qurolli kuchlari tomonidan harbiy asirlarga nisbatan yomon munosabatda bo‘lingani haqida ham ma’lum qilgan. 

“Biz Ukraina qurolli kuchlari tomonidan Rossiya qurolli kuchlari va ular bilan aloqador qurolli guruhlarga mansub harbiy asirlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lish haqida ishonchli ma’lumot oldik. Biz g‘ayriinsoniy muomala, jumladan, har ikki tomondan mahbuslarni bayonot berishga, kechirim so‘rashga va aybini tan olishga majburlash, shuningdek, xo‘rlashning boshqa shakllari aks ettirilgan videolarni tomosha qilishda davom etamiz”, degan Bogner.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

4

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing