Rossiya o‘zini mas’uliyatli va buyuk davlatdek tutmoqda – Aliyev
Olam
−
05 Oktabr 2020
14621Rossiya Tog‘li Qorabog‘dagi vaziyat bilan bog‘liq masalada o‘zini juda mas’uliyatli va buyuk davlat kabi tutmoqda. Bu fikrni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev Turkiyaning “TRT Haber” telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
"Rossiya bizning qo‘shnimiz. Rossiya bilan aloqalarimiz juda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Bugungi kunda Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar juda yuqori darajada. Ikkala davlat ham ularni strategik sheriklik deb biladi. Bu masalada Rossiya o‘zini juda mas’uliyatli va buyuk davlat kabi tutadi". dedi davlat rahbari.
Aliyevning ta’kidlashicha, "Rossiya tomonidan juda ijobiy xabarlar kelmoqda", "va tomonlardan birortasining ko‘magi muhokama mavzusi emas".
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida keskinlik avj olgandan keyin Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ikki mamlakat Tashqi ishlar vazirlari bilan telefon orqali muloqot qilib, ularni muzokaralar stoliga qaytishga chaqirgan edi. Prezident Vladimir Putin esa Nikol Pashinyan bilan muloqot qilib, masalani tinch yo‘l bilan hal etishni tavsiya qildi. Bu orada Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev asosiy kuch va dastakni Turkiya Respublikasidan olayotgani ma’lum bo‘ldi. Shu kuni Turkiya va Ozarbayjon Prezidentlari telefon orqali muloqot qildilar va Erdo‘g‘an turk xalqi va davlati Ozarbayjonni bor imkoniyati bilan qo‘llab-quvvatlashini eslatdi.
Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi Tog‘li Qorabog‘ mojaroli zonasidagi vaziyat ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq. Rossiya Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zosi, shuningdek Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Minsk guruhining hamraisi. Kecha, 1 oktyabr kuni guruh hamraislari – AQSH, Rossiya va Fransiya Tog‘li Qorabog‘ masalasida qo‘shma bayonot e’lon qildilar. Ammo Ozarbayjonning endi ushbu guruhning tartib-taomillariga rioya qilmasligi Erdo‘g‘anning so‘zidan ayon bo‘ldi.
Rasmiy Bakuga ko‘ra, Armaniston Qurolli Kuchlari 27 sentyabr kuni soat 06:00 dan boshlab Ozarbayjonga qarshi keng ko‘lamli provokatsiyalarni amalga oshirdi, butun front bo‘ylab Ozarbayjon armiyasining pozitsiyalarini, shuningdek, oldingi chiziq zonasida joylashgan aholi punktlarini o‘qqa tutdi. Unda mingga yaqin harbiylar va tinch aholi vakillari halok bo‘lgan.
Armaniston hujum Ozarbayjon qurolli kuchlari tomonidan boshlanganini aytmoqda. Ozarbayjon esa qurolli to‘qnashuvga nisbatan javob hujumlari boshlaganini rasman e’lon qilib, Armaniston chegarasidagi tinch aholi vakillarini chegara hududlaridan chetga chiqishlarini so‘radi.
Holat bo‘yicha Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev xalqqa murojaat bilan chiqib, to‘qnashuv Ozarbayjonning provokatsiyasi emasligini aytdi.
Nikol Pashinyan esa mamlakatda harbiy holat va umumiy safarbarlik e’lon qildi. Buning ortidan Ilhom Aliyev mamlakatda harbiy holat va komendantlik soati e’lon qilish haqidagi farmonga imzo chekdi. Shuningdek, Aliyev 28 sentyabr kuni qisman safarbarlik e’lon qilish haqidagi hujjatni imzoladi.
LiveBarchasi