Rossiya O‘rta asrlardagidek urushyapti – AQSH

Olam

image
0:00
0:00
download

Rossiya xuddi O‘rta asrlardagidek kurashib, bosib olingan Ukraina hududlarida tinch aholini qatl qilmoqda, ayollar va bolalarni zo‘rlamoqda, ukrainaliklarni Rossiya Federatsiyasining chekka hududlariga deportatsiya qilmoqda. Bu haqda AQSHning YeXHTdagi doimiy vakili Maykl Karpenter BMT Doimiy kengashining Venada bo‘lib o‘tgan yig‘ilishida aytib o‘tdi.

“Rossiyada ko‘plab zamonaviy jangovar qurollar mavjud: yuzlab kilometr masofani bosib o‘tadigan qanotli raketalar o‘z nishoniga hayratlanarli aniqlik bilan tegadi. Unda havodan, dengizdan va quruqlikdan uchirish mumkin bo‘lgan boshqariladigan o‘q-dorilar mavjud. Lekin nega bu urush xuddiki biz O‘rta asrlarda yashayotgandek olib borilyapti?”, deya savol bergan Karpenter.

Elchi ruslarning vahshiyligini bosib olingan hududlardagi mahalliy aholidan qutulish maqsadi bilan izohlagan. Uning qo‘shimcha qilishicha, bosib olingan hududlardagi resurslarni talon-toroj qilish va aholini qochishga majburlash “O‘rta asrlarning yana bir taktikasi”dir.

“Sadizmga xos vahshiyliklar va o‘ta muvofiqlashtirilgan “filtrlash” jarayoni aniq maqsadni ko‘zlagani turgan gap. Ayniqsa, agar bu maqsad Ukrainaning Rossiya Federatsiyasi nazorat qilayotgan hududlarini osonroq o‘zlashtirish uchun ukrain davlatchiligi tushunchasining o‘zini inkor etish bo‘lsa”, deydi diplomat.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

23

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing