Rossiya Ukrainaga Shimoliy Koreya raketalari bilan hujum qildi – AQSH
Olam
−
05 yanvar
10557Amerika Qo‘shma Shtatlari Yangi yil bayrami arafasida Rossiya qo‘shinlari KXDRdan olingan ballistik raketalar bilan Ukrainaga o‘q uzganini aytmoqda. Bu haqda kecha, 4 yanvar kuni AQSH Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.
Uning aniqlik kiritishicha, Shimoliy Koreyaning kamida bitta raketasi 30 dekabr kuni Rossiya tomonidan uchirilgan bo‘lishi mumkin. 2 yanvar kuni esa Rossiya qo‘shinlari tomonidan yana bir nechta shunday raketalar Ukraina hududiga uchirilgan. Hozirda Qo‘shma Shtatlar ushbu o‘q-dorilardan foydalanishning mumkin bo‘lgan oqibatlarini baholamoqda.
Kirbining so‘zlariga ko‘ra, Pxenyandagi rejim yaqinda Rossiyaga ballistik raketa uchiruvchi qurilmalar va bir nechta shunday raketalarni yetkazib bergan.
"Bu Shimoliy Koreya tomonidan Rossiya sezilarli va xavotirli tarzda qo‘llab-quvvatlanayotganini anglatadi", deydi Jon Kirbi.
Qayd etish joizki, Shimoliy Koreyada ishlab chiqarilgan raketalarning uchish masofasi 900 kilometrga yaqin. AQSH ma’muriyatining prognoziga ko‘ra, Pxenyan o‘z yordami evaziga Rossiyadan harbiy texnika, jumladan, qiruvchi samolyotlar, "yer-havo" raketalari, zirhli texnika va ilg‘or harbiy texnologiyalarni olmoqchi.
“Bu Koreya yarimoroli va butun Hind-Tinch okeani mintaqasi xavfsizligiga tahdid solishi mumkin”, deya ogohlantirdi Kirbi.
AQSH ma’lumotlariga ko‘ra, Moskva va Tehron o‘rtasida Eron raketalarini yetkazib berish bo‘yicha muzokaralar olg‘a bormoqda. Xalqaro yakkalanish kuchayishi tufayli Rossiya hamfikr davlatlardan harbiy texnika va qurol izlashga majbur. Biroq, Vashingtonda mavjud bo‘lgan ma’lumotlar Erondan Rossiya Federatsiyasiga hali raketa yetkazib berilmaganini ko‘rsatadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning sentyabr oyida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Rossiyaga borgandi. Oktyabr oyida esa Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Pxenyanda bo‘ldi.
LiveBarchasi