Rossiya-Ukraina urushi: DXR Pavlovsk va Pishevikni egallaganini e’lon qildi
Olam
−
26 fevral 2022
43115Ukraina sharqidagi, rossiyaparast separatistlar tuzgan, tan olinmagan Donetsk xalq respublikasi (DXR) Xalq militsiyasi bo‘linmalari Donbassdagi Pavlovsk va Pishevik aholi punktlarini nazorat ostiga olgan. Bu haqda respublika Xalq militsiyasi rahbari o‘rinbosari Eduard Basurin ma’lum qildi.
“Mariupol yo‘nalishi bo‘yicha Xalq militsiyasi bo‘linmalari Pavlovsk va Pishevik aholi punktlari hamda ularga tutash hududlar va yo‘llarni nazorat ostiga oldi”, degan u.
Bundan tashqari, Basurinning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina Qurolli Kuchlari dengiz bataloni harbiy xizmatchilari Gnutovo va Talakovka aholi punktlari hududlarida o‘z pozitsiyalarini tark etgan.
“DXR Xalq militsiyasi bo‘linmalari Ukraina Qurolli Kuchlari tomonidan yo‘lda faol qarshilikka duch kelmasdan, dushman mudofaasiga chuqur kirib borishda davom etmoqda. Volnovaxa yaqinidagi Trudovskoye qishlog‘i hozirgina DXR nazoratiga o‘tdi”, degan Basurin.
Shu o‘rinda qayd etish kerakki, Kiyevda Rossiya kuchlariga qarshi janglar davom etmoqda. Ukrain harbiylari rus razvedkachi-desantchilarini shahardan siqib chiqarmoqda.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi
26 noyabr