Rossiya-Ukraina muzokaralarida Moskva qo‘yadigan talab ma’lum bo‘ldi

Olam

image

Rossiya Federatsiyasi delegatsiyasi bugun, 7 mart kuni Rossiya-Ukraina delegatsiyalari muzokaralarining bo‘lajak uchinchi raundida gumanitar koridorlar ishi mavzusini yana ko‘tarishga harakat qiladi. Bu haqda Rossiya delegatsiyasi rahbari, Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy Ukraina bilan muzokaralarning uchinchi raundi boshlanishidan oldin aytib o‘tdi. 

“Biz bugun Ukraina tomoni bilan gumanitar koridorlarning ishlash tartibini muhokama qilishga yana urinib ko‘ramiz, chunki biz va’da qilgan barcha shaharlarda yo‘laklar armiyamiz va Donbass qurolli kuchlari tomonidan ochiq, otishma to‘xtatildi”, deydi u. 

Uning qayd etishicha, “sukut rejimi” amal qilayotgan hududlarda odamlar bexavotir tashqariga chiqishi mumkin. 

Shuningdek, Medinskiy, Rossiya Federatsiyasi Ukrainadagi gumanitar yo‘laklarning hech biri to‘liq ishlamayotganidan afsusdaligini bildirgan. Uning eslatishicha, oxirgi uchrashuvda harbiy to‘qnashuvlar va jangovar harakatlar sodir bo‘layotgan shaharlardan tinch aholining chiqishi uchun gumanitar yo‘laklarni yaratish bo‘yicha kelishuvga erishilgan

"Rossiya tomoni zudlik bilan, ertasi kuni bu koridorlarni ochishga tayyor edi. Afsuski, ularning deyarli hech biri to‘liq ishlamadi”, deydi Medinskiy.

U Ukraina millatchilarining tinch aholini evakuatsiya qilishga to‘sqinlik qilish bilan bog‘liq harakatlarini “urush jinoyati” deb atadi. 

Ukraina va Rossiya  o‘rtasidagi muzokaralarning uchinchi raundi bugun, 7 mart kuni Belovejskaya Pusha (Belarus)da Kiyev vaqti bilan soat 16:00 (Toshkent vaqti bilan 19:00)da bo‘lib o‘tishi belgilangan.  

“Rossiya delegatsiyasi Ukraina tomoni bilan kelishilgan holda muzokaralarni boshlash uchun bugun yetib keldi. Ukraina uchun biroz kechikish diplomatik an’anaga aylangan. Biz kutamiz, muzokaraga tayyormiz. Masalalarning barcha uch bloki – ichki siyosiy tartibga solish, xalqaro gumanitar jihatlar va harbiy jihatdan tartibga solish masalalari muhokama qilinadi”, deydi Rossiya Prezidenti yordamchisi. 

Eslatib o‘tamiz, bugun, 7 mart kuni Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlari “sukut rejimi”ni e’lon qilib va soat 10:00 dan boshlab to‘rtta shahardan – Kiyev, Xarkov, Sumi va Mariupoldan gumanitar yo‘laklarni ochishi haqida xabar berdi. 

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Vladimir Medinskiy Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing