Rossiya-Ukraina muzokaralarida ishtirok etgan diplomat otib o‘ldirildi – deputat

Olam

image

Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi muzokaralarning Gomel viloyatida (Belarus) o‘tkazilgan birinchi raundida ishtirok etgan Ukraina delegatsiyasining a’zosi Denis Kireyev otib o‘ldirildi. Bu haqda Ukraina Oliy Radasining IX chaqiriq deputati, “Xalq xizmatkori” partiyasi vakili Aleksandr Dubinskiy o‘zining Telegram’dagi sahifasida ma’lum qildi.

“Kireyev Ukraina xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan hibsga olinib, xiyonat qilganlikda ayblangan va otib o‘ldirilgan… Qanday qilib bosqinchilar bilan muzokaralar olib borish uchun Ukraina delegatsiyasiga kirgan bilmayman. Men haqiqatni Prezident idorasidan bilmoqchiman”, deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, muzokaralarning birinchi bosqichi joriy yilning 28 fevral kuni Belarusning Gomel viloyatida bo‘lib o‘tdi. Moskva tomonidan Prezident yordamchisi Vladimir Medinskiy, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Andrey Rudenko, Mudofaa vaziri o‘rinbosari Aleksandr Fomin, Davlat dumasining xalqaro ishlar bo‘yicha qo‘mitasi rahbari Leonid Slutskiy, Rossiyaning Belarusdagi elchisi Boris Grizlov ishtirok etdi.

Kiyevdan Kireyevdan tashqari Mudofaa vaziri Aleksey Reznikov, “Xalq xizmatchisi” fraksiyasi rahbari David Araxamiya, Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Nikolay Tochitskiy, Prezident devonining boshlig‘i maslahatchisi Mixail Podolyak, Oliy Rada deputati Rustem Umerov, Uch tomonlama aloqa guruhidagi Ukraina delegatsiyasi rahbarining birinchi o‘rinbosari Andrey Kostin ishtirok etdi.

Muzokaralar salkam besh soat davom etdi, shundan so‘ng delegatsiyalar uchrashuv natijalarini muhokama qilish uchun poytaxtlarga qaytdi.

Muzokaralarning ikkinchi bosqichi 3 mart kuni bo‘lib o‘tdi. Tomonlar gumanitar yo‘laklarni yaratishga kelishib oldi. 

Rossiya Federal Majlisining Davlat Dumasi xalqaro ishlar qo‘mitasi raisi Leonid Slutskiyning so‘zlariga ko‘ra, yaqin kunlarda Ukraina bilan muzokaralarning uchinchi bosqichi bo‘lib o‘tadi.

Rossiyaning Ukrainaga bosqini

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

220

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing