Rossiya radioaktiv ob’ektga hujum qildi
Olam
−
27 fevral 2022
21961Rossiya raketalari “Radon” assotsiatsiyasining Kiyevdagi bo‘limining radioaktiv chiqindi poligoniga kelib tushdi. Bu haqda Ukraina yadroviy tartibga solish davlat inspeksiyasi xabar berdi.
“2022 yil 27 fevral, Kiyev vaqti bilan soat 01:20 holatiga ko‘ra, Kiyevning Rossiya Federatsiyasida mavjud bo‘lgan barcha turdagi zenit va raketa qurollari bilan ommaviy bombardimon qilinishi natijasida “Radon” assotsiatsiyasining Kiyev filialidagi radioaktiv chiqindilar ko‘milgan maydonga snaryadlar tushdi. Bu haqda korxona xodimlari otishmalar davom etayotgani uchun yashiringan holda telefon orqali ma’lum qilishdi”, deyiladi xabarda.
Qayd etilishicha, davom etayotgan ommaviy otishmalar natijasida vayronagarchilik darajasini baholashning imkoni bo‘lmagan.
“Radiatsiya monitoringining avtomatlashtirilgan tizimi ishdan chiqqan. Ammo kuzatuv kameralari snaryadlarning qulaganini qayd etgan”, deya xabar bergan Davlat inspeksiyasi.
Yadro nazorati bo‘yicha davlat agentligining dastlabki xulosasiga ko‘ra, sanitariya muhofazasi zonasidan tashqarida aholi uchun hech qanday xavf yo‘q.
Keyinchalik departament 03:20 holatiga ko‘ra, metroning “Pecherskaya” bekati yaqinida radiatsiyaviy fon normal va o‘zgarmaganligini aytgan.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi