Rossiya Markaziy banki asosiy stavkani rekord darajaga oshirdi
Olam
−
28 fevral 2022
13382Rossiya banki direktorlar kengashi bugun, 28 fevraldan asosiy stavkani 10,5 foiz punktiga, yillik 20 foizga oshirishga qaror qildi. Bu haqda TASS yozmoqda.
“Bu moliyaviy va narx barqarorligini qo‘llab-quvvatlashi hamda fuqarolarning jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilishi kerak. Rossiya banki direktorlar kengashi 2022 yil 28 fevraldan boshlab asosiy stavkani yillik 20 foizga oshirishga qaror qildi. Rossiya iqtisodiyoti uchun tashqi shart-sharoitlar keskin o‘zgardi. Asosiy stavkaning oshishi ortib borayotgan devalvatsiya va inflyatsiya xatarlarini qoplash uchun zarur bo‘lgan darajaga depozit stavkalarini oshirishni ta’minlash imkonini beradi. Bu moliyaviy va narx barqarorligini saqlashga, fuqarolarning jamg‘armalarini qadrsizlanishdan himoya qilishga yordam beradi”, deyilgan xabarda.
Ta’kidlanishicha, asosiy stavka bo‘yicha keyingi qarorlar tashqi va ichki sharoitlardan kelib chiqadigan xatarlarni hamda moliya bozorlarining ularga munosabatini baholash, maqsadli ko‘rsatkichga nisbatan real va kutilayotgan inflyatsiya dinamikasini, prognoz gorizontdagi iqtisodiy rivojlanishni hisobga olgan holda qabul qilinadi.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
LiveBarchasi