Rossiya gazidan voz kechayotgan YeIning rejalari ochiqlandi

Olam

image

Yevropa Ittifoqining Rossiya energiya resurslariga qaramligini kamaytirish vazifasi juda qiyin, ammo buni amalga oshirish mumkin. Vashingtonga YeI buni qanday hal qilmoqchi ekanligi haqida allaqachon ma’lum qilingan. Bu haqda Yevropa komissiyasi (YeK) raisi o‘rinbosari Marosh Shefchovich Atlantika kengashida so‘zlagan nutqida aytib o‘tdi.  

U “AQSH va Yevropa Ittifoqining energiya xavfsizligi sohasida qo‘shimcha o‘zaro hamkorligi” muhimligini ta’kidlagan. 

“Bugun men suhbatdoshlarimga Yevropa davlatlari rahbarlari va hukumatlari qanday kelishuvlarga erishganini batafsil tushuntirib berdim. Biz Rossiyadan qazib olinadigan yoqilg‘i importiga bog‘liqlikni imkon qadar va tezroq kamaytirishni istaymiz. Bu nihoyatda mushkul vazifa, ammo mumkin”, degan Shefchovich AQSH rasmiylari bilan uchrashuvlar haqida gapirar ekan. 

YeK rahbari o‘rinbosarining so‘zlariga ko‘ra, suyultirilgan gaz yetkazib berish infratuzilmasini rivojlantirish zarur bo‘ladi. O‘tgan hafta Yevropa Komissiyasi yil oxirigacha Rossiyadan gaz sotib olishni uchdan ikki qismga qisqartirish bo‘yicha takliflarni tarqatgan. 

Shefchovichning so‘zlariga ko‘ra, Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi operatsiyasini “Yevropa uchun 11 sentyabr” deb baholagan. YeK rahbari o‘rinbosari 2001 yil 11 sentyabrda AQSHda sodir etilgan teraktlarni nazarda tutgan. 

Yevropa gaz omborlarini to‘ldirish 

“Yevropa Ittifoqi Qo‘shma Shtatlar bilan Rossiyadan yetkazib berishni to‘xtatish niyati munosabati bilan kelasi qishning boshigacha o‘zining 90 foiz gaz zaxirasini to‘ldirish rejasini muhokama qilmoqda.

Bugun ertalab va tushdan keyin men bu yerda muhokama qilgan masalalardan biri kelasi qish boshlanishiga qadar gaz omborlarimizni 90 foizga to‘ldirish uchun birgalikda nima qilishimiz mumkinligi haqida edi. Biz yaqin ikki yil ichida Rossiya yoqilg‘i importiga qaramlikni uchdan ikkiga kamaytirish uchun hamkorlik qilish va birgalikda ishlash uchun nima qilishimiz mumkinligi haqida ham gaplashdik”, deya qo‘shimcha qilgan YeK rahbari o‘rinbosari. 

Unga ko‘ra, Yevropa Ittifoqiga Rossiyadan yetkazib berilayotgan gaz o‘rniga 50-60 milliard kub metr gaz kerak bo‘ladi. 

Shefchovichning so‘zlariga ko‘ra, “bu yerda, albatta, qiyin qarorlar qabul qilinishi kerak”. 

“O‘rta muddatli istiqbolda juda katta hajmdagi gaz talab qilinadi va bu, albatta, bu yil qiyinchilik tug‘diradi. Biz bu qaramlikdan tezroq qutulishning eng yaxshi yo‘lini qidiramiz”, deb ta’kidlagan u. 

Ma’lumot o‘rnida, Shefchovich kecha, 14 mart kuni Vashingtonda AQSH Energetika vaziri o‘rinbosari Devid Turk va AQSH Milliy razvedka boshqarmasi direktori Evril Xeyns, Xalqaro valyuta jamg‘armasi boshqaruvchi direktori Kristalina Georgiyeva bilan uchrashgan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

50

Reyting

3.2

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing