Rossiya eng zamonaviy raketasi bilan Ukrainaga zarba berdi

Olam

image

Rossiya harbiylari Ukrainaning Ivano-Frankovsk viloyatida mamlakat Qurolli Kuchlarining raketa va aviatsiya o‘q-dorilarining yirik yer osti omborini “Kinjal” aviatsiya raketa tizimidan foydalangan holda yo‘q qildi. Bu haqda Rossiya Mudofaa vazirligi rasmiy vakili general-mayor Igor Konashenkov ma’lum qildi.

“18 mart kuni  gipertovushli aeroballistik raketalarga ega “Kinjal” aviatsiya-raketa tizimi Ivano-Frankovsk viloyati Delyatin qishlog‘ida Ukraina qo‘shinlarining raketa va aviatsiya o‘q-dorilari saqlanadigan yirik yer osti omborini yo‘q qildi”, deydi Konashenkov.

General-mayorning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya Qurolli kuchlari Ukrainaga hujum boshlaganidan beri  200 ga yaqin uchuvchisiz uchish apparati, 1400 dan ortiq tank va boshqa zirhli texnikani yo‘q qilgan. 

“Hujumlar boshlanganidan beri jami Ukrainaning 196 ta uchuvchisiz uchish apparati, 1438 ta tank va boshqa zirhli jangovar texnikasi, 145 ta ko‘p sonli raketa-tashuvchilar, 556 ta dala artilleriya va minomyotlari, shuningdek, 1237 ta maxsus harbiy texnikasi vayron qilingan”, deydi mudofaa vakili.

Shuningdek, Konashenkovga ko‘ra, 19 martga o‘tar kecha Rossiya aviatsiyasi Ukraina Qurolli kuchlarining to‘rtta zenit-raketa majmuasini, shulardan uchtasi S-300 va “Buk-M1” yo‘q qilgan. 

“19 martga o‘tar kechasi Rossiyaning tezkor-taktik, armiya va dronlari Ukrainaning 69 ta harbiy ob’ektiga zarba berdi. Ular orasida to‘rtta qo‘mondonlik punkti, jumladan, Zabuyane qishlog‘idagi brigada nazorat punkti, to‘rtta zenit-raketa kompleksi uchta S-300 va bitta Buk-M1, yo‘l-yo‘riq va nishonni belgilash uchun bitta radar stansiyasi, uchta raketa o‘rnatish tizimlari, 12 ta raketa hamda artilleriya qurollari ombori, shuningdek, 43 ta harbiy texnika to‘plash joylari bor”, deydi general-mayor.

Bundan tashqari, Ukrainaning 12 ta uchuvchisiz uchish apparati Rossiya Aerokosmik kuchlarining havo mudofaasi yordamida havoda urib tushirilgan.

Ma’lumot o‘rnida, “Kinjal” Rossiyaning eng so‘nggi rusumdagi gipertovushli aeroballistik raketalar tizimi bo‘lib, satsionar ob’ektlarga ham yer usti kemalariga ham zarba berishga qodir. Raketa 2017 yilda ommaga namoyish qilingan.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya-Ukraina urushi Ukrainaga bosqin

Baholaganlar

289

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing