Rossiya boylari urushning birinchi kunida $39 mlrdga “kambag‘allashdi”. Ularning orasida Usmonov ham bor
Olam
−
25 fevral 2022 10303 3 daqiqa
Kecha, 24 fevral kuni Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyotining birinchi kunida asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov 1,2 mlrd dollar yo‘qotdi. Bu haqda “Bloomberg” xabar berdi.
Agentlikka ko‘ra, eng boy rossiyalik tadbirkorlarning boyligi 39 milliard dollarga kamaydi.
“Qashshoqlashgan” milliarderlar ro‘yxatini “LUKOIL” prezidenti Vagit Alekperov boshqargan bo‘lib, uning boyligi bir sutka ichida qariyb 6,2 milliard dollarga kamayib, 13 milliard dollarga tushib qoldi.
Rossiyaliklar orasida “Bloomberg” milliarderlar indeksini boshqarayotgan “Nornikel” prezidenti Vladimir Potanin taxminan 3 milliard dollar yo‘qotdi (uning boyligi 26,1 milliard dollarga yetdi). “Severstal” direktorlar kengashi rahbari Aleksey Mordashovning zarari 4,2 milliard dollarni tashkil etdi (boyligi - 23 milliard dollar).
2022 yildan beri Alekperov va Timchenko har biri 10 milliard dollar yoki boyliklarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotgan. Bu barcha rossiyalik milliarderlar orasida eng katta pasayish bo‘ldi, deb ta’kidlaydi “Bloomberg”.
Rossiyaning Ukrainaga bosqini
Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegaradagi tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.
Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.
24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.
Buning ortidan Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirdi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi.
Rus qo‘shinlari dastlab Kiyev va Xarkovga raketa hujumi uyushtirdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi. Shuningdek, rasmiy idora rus qo‘shinlari Xarkov va Odessa viloyatiga kirib borganini bildirdi.
Hujum boshlanganidan ko‘p o‘tmay, LXR Ichki ishlar vaziri maslahatchisi Vitaliy Kiselev Schaste va Stanitsa shaharchalari LXR nazoratiga o‘tganini e’lon qildi.
Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.
25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.
Live
Barchasi