Rossiya BMT va XQXQga Ukraina ustidan shikoyat qildi

Olam 8391
image
-

Rossiya BMTning Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Mishel Bachelet va Xalqaro Qizil Xoch qo‘mitasi (XQXQ) prezidenti Piter Maurerga Ukraina hukumati Odessa viloyati Izmail shahri portida fuqarolik kemalaridagi 67 nafar rossiyalik dengizchini majburan ushlab turgani munosabati bilan diplomatik notalar yubordi. Bu haqda kecha, 9 avgust kuni Rossiya Federatsiyasining BMT bo‘limi va Jenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Gennadiy Gatilov o‘zining Twitter’ida ma’lum qildi.

“Biz xalqaro tashkilotlar e’tiborini Ukraina hukumati tomonidan Izmail portida fuqarolik kemalaridagi 67 nafar rossiyalik dengizchini majburan ushlab turishga yo‘l qo‘yilmasligiga qaratishda davom etamiz. Mishel Bachelet va Piter Maurerga tegishli diplomatik notalar yuborildi”, deydi Rossiya diplomatik missiyasi rahbari.

Rossiya Federatsiyaning Inson huquqlari bo‘yicha Ombudsmani Tatyana Moskalkovaning may oyida xabar berishicha, rossiyalik dengizchilar fevral oyidan beri Izmail kemasozlik zavodlarida ushlab turilib, kemalarni tark etishga ruxsat berilmayapti. Ombudsman 30 iyul kuni o‘zining Telegram-kanalida ekipaj a’zolaridan yetti nafar ayol Rossiyaga qaytganini yozgan. Yana 67 nafar rossiyalik dengizchi Ukrainada qolmoqda.

“Volgo-Balt 225”, “Omskiy-132”, “Svir”, “Rondo”, “Omskiy-6”, “Volgo-Balt 244”, “Volgo-Balt 193” kemalari kapitanlarining so‘zlariga ko‘ra, dengizchilarda oziq-ovqat, suv, birlamchi mahsulotlar bor, ammo ularga hali ham ketish taqiqlangan. Ularni kuch tuzilmalari xodimlari qo‘riqlayapti.

Rossiya-Ukraina urushi

Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb e’lon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini ta’kidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi.

Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YeI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi.

24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini e’lon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi.

Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat e’lon qildi.

25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik e’lon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi.

Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi.

Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi.

Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkritiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi.

Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi a’zoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.

Sunnatilla Abdullayev
Maqolaga baho bering
Baholaganlar: 10
Reyting: 3.6
t
×