Rossiya Blinkenning Eron Prezidenti vafotidan xursandligiga munosabat bildirdi
Olam
−
22 may
16628Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskovning aytishicha, AQSH Davlat kotibi Entoni Blinken darajasidagi diplomat Eron Prezidenti Ibrohim Raisiyning vafotidan xursand bo‘lishni o‘ziga ep ko‘rishiga ishonish qiyin. Kreml vakiliga ko‘ra, bu noqulay va g‘alati bayonot.
“Rostini aytsam, men bu bayonotning aslini ko‘rganim yo‘q. Diplomatning, xususan, Amerika Qo‘shma Shtatlari kabi davlatning yuqori martabali vakilining butun bir xalqqa nisbatan bunday, diplomatik nuqtayi nazardan, noqulay bayonot va mohiyatan g‘amgin bayonot berishiga ishonish qiyin”, deydi Peskov jurnalistlar bilan suhbatda.
Avvalroq Blinken Senatning tashqi aloqalar qo‘mitasidagi tinglovda rasmiy hamdardliklariga qaramay, AQSH Eron Prezidentining vafoti munosabati bilan motam tutmayotgani haqida bayonot bergan edi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Eron Prezidentining vafotidan keyin dunyo, jumladan Eron xalqi ham yaxshiroq kun kechiradi.
Ma’lumot uchun, 19 may kuni Eronning Sharqiy Ozarbayjon viloyatida Eron Prezidenti o‘tirgan vertolyot halokatga uchradi. Unda mamlakat Tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon, Sharqiy Ozarbayjon viloyati hokimi Malik Rahmati va Tabriz shahrining imomi Muhammad Ali Ale Hoshem ham bo‘lgan. Eron Qizil yarim oy jamiyati rahbari Pir Husayn Kolivandning aytishicha, halokatda vertolyotning barcha yo‘lovchilari va ekipaj a’zolari halok bo‘lgan. Eron vitse-prezidenti Mohsin Mansuriy prezident va unga hamrohlik qilayotganlarning o‘limi haqidagi xabarlarni tasdiqladi.
Eronning amaldagi vitse-prezidenti Muhammad Moxber vaqtinchalik Eron Prezidenti bo‘lishi ma’lum qilingandi. Eron Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Ali Bageri Kani esa sobiq tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon vafotidan keyin vaqtinchalik tashqi ishlar vaziri vazifani bajaruvchi etib tayinlandi. Mamlakat parlamenti Ichki ishlar qo‘mitasi raisi Muhammad Solih Jokar Eronda navbatdan tashqari prezidentlik saylovlari kelasi 50 kun ichida bo‘lib o‘tishi kerakligini aytdi. Respublika saylov shtabining matbuot kotibi Muhsin Islomiy Eronda muddatidan oldin prezidentlik saylovlari 28 iyun kuni bo‘lib o‘tishini ma’lum qildi. Eron oliy diniy rahbari Oyatulloh Ali Xomanaiy Prezident Ibrohim Raisiy va uning hamrohlari vertolyot halokatida vafot etgani munosabati bilan 5 kunlik motam e’lon qildi.
Eslatib o‘tamiz, 21 may kuni Tabriz shahrida Ibrohim Raisiy va unga hamrohlik qilgan rasmiylar bilan vidolashuv marosimi bo‘lib o‘tgandi. 22 may kuni Eron poytaxti Tehron shahrida Prezident Ibrohim Raisiy bilan vidolashuv marosimida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi ham ishtirok etishi ma’lum qilindi.
LiveBarchasi