Rossiya AQSHdan qo‘rqdimi? Navalniy shifoxonaga ko‘chiriladi
Olam
−
19 aprel 2021
13345Rossiyaning Vladimir viloyatidagi koloniyada jazosini o‘tayotgan muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniy mahkumlar uchun shifoxonaning statsionar bo‘limiga ko‘chiriladi. Bu haqda Rossiya Federatsiyasi Jazoni ijro etish federal xizmati xabar qilmoqda.
Xabarga ko‘ra, hozirda Navalniyning sog‘lig‘i qoniqarli deb baholanmoqda, u har kuni umumiy amaliyot shifokori ko‘rigidan o‘tkazilmoqda.
Bemorning roziligi bilan unga vitaminli terapiya muolajasi ham qo‘llanilmoqda, deyilgan xabarda.
Avvalroq, AQSH Navalniy qamoqxonada vafot etsa, Rossiyani nima kutayotganini ma’lum qilgandi.
Eslatib o‘tamiz, Putinning davlat mablag‘i asosida o‘zi uchun saroy qurdirganini da’vo qilib chiqqan Navalniy Germaniyadan qaytgan zahoti aeroportda hibsga olinib, keyinchalik 2,5 yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi.
Shundan so‘ng, uni vatanparvar muxolifatchi, deb bilgan omma namoyishlar uyushtirdi. Navalniy bir necha bor ochlik e’lon qildi, yaqinlari va advokatlari uning qamoqda qiynoqqa solinayotgani va sog‘lig‘i yomonlashganini aytib chiqdi.
Ozodlikka erishish uchun turli yo‘llarni qo‘llab ko‘rayotgan Navalniy o‘tgan hafta Qur’on kitobini bermagani uchun koloniya rahbarini sudga berdi. Checheniston rahbari Ramzan Qodirov esa buni provokatsiya deb atadi.
Hozirda Navalniy jamoasi o‘zi faoliyatini davom ettirmoqda va yaqinda eski mavzu bo‘yicha yangi surishtiruv e’lon qildi.
Shuningdek, Rossiya prokurorlari tomonidan Navalniyning faoliyatini “ekstremistik” deb baholash taklif qilindi.
LiveBarchasi